Oliy ta’lim vazirligining 2025-yil 16-maydagi 186-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan metodikaga ko‘ra, ijtimoiy faollik qanday aniqlanishi va qaysi ko‘rsatkich uchun necha ball berilishi belgilangan.
Qoida tariqasida talaba muayyan sabab bilan (misol uchun, OTMning ichki tartib qoidalari, Odob-axloq kodeksi talablarini buzganligi uchun) intizomiy jazoga tortilganda “Ijtimoiy faollik indeksi”da to‘plagan balidan 15 ballgacha olib tashlanishi mumkin. Bu yerda 15 ball deganda 100 ballik shkalada nazarda tutilmoqda.
Grant taqsimoti 100 ballik shkalada baholanadi. Shundan 80 bali akademik o‘zlashtirishga, 20 bali ijtimoiy faollikka beriladi.
80 ballni chiqarish uchun GPA balini 16 ga ko‘paytirishadi. Masalan, GPA 4,6 bo‘lsa: 4,6 x 16 = 73,6 ball
Ijtimoiy faollik beriladigan 20 ball esa quyidagicha aniqlanadi: talabaning 11 ta yo‘nalishdagi ishlari jami 100 ballik shkalada baholanadi va chiqqan natija 5 ga bo‘linadi. Masalan, ijtimoiy faollik jami 85 ball chiqsa: 85 / 5 = 17 ball
Yakuniysi: 73,6 + 17 = 90,6 ball
Agar talabada hayfsan bo‘lsa, unda 100 ballik shkaladan maksimum 15 ballgacha olib tashlanishi mumkin. Lekin qolgan 85 baliga da’vogarlik qilaveradi.
Agar 20 ballik asosiy shkaladan hisoblasak, unda 15 ni 5 ga bo‘lishimiz kerak: 15 / 5 = 3 ball. Demak, hayfsani bor talabadan ijtimoiy faollik uchun maksimum 3 ball olib tashlanishi mumkin xolos, to‘liq 20 ball olinishi qoidalarga zid.
