Ayrim ota-onalarga farzandining bogʻchasi uchun har oy yordam puli beriladi

Ayrim ota-onalarga farzandining bogʻchasi uchun har oy yordam puli beriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 31-iyuldagi 484-son qarori bilan Kambagʻal oilalar reystriga kiritilgan yolg‘iz ota yoki onalarga farzandi maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanishi uchun moddiy yordam koʻrsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Ushbu nizomga ko‘ra, yordam Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya shaklida beriladi.

 

Kimlar moddiy yordam olishi mumkin?

 

Nizomga koʻra, moddiy yordam quyidagi talablarga javob beradigan yolg‘iz onalar (otalar)ga beriladi:

 

–  Kambag‘al oilalar reystriga kiritilgan bo‘lishi;

–  rasmiy band bo‘lishi;

–  farzandi 6 yoshga to‘lmagan bo‘lishi;

–  farzandining maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyalanayotgan bo‘lishi kerak.

 

 

Moddiy yordam miqdori

 

Moddiy yordam har bir oilaning farzandi uchun maktabgacha ta’lim tashkilotiga haqiqatda to‘lagan to‘lov miqdorida, biroq bazaviy hisoblash miqdorining bir yarim baravaridan oshmagan holda beriladi. Agar oilada egizaklar bo‘lsa, yordam har bir egizak uchun alohida to‘lanadi. Biroq, bir ota yoki ona bir nafar farzand uchun faqat bir marta moddiy yordam so‘rab murojaat qilishi mumkin.

 

Moddiy yordam olish uchun ariza topshirish tartibi qanday?

 

Ariza beruvchilar quyidagi usullardan biri orqali murojaat qilishlari mumkin:

 

  1. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki Davlat xizmatlari markazlariga shaxsan borish.
  2. “Yagona milliy ijtimoiy himoya” (YaMIH) axborot tizimi orqali.
  3. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali.

 

Ariza topshirishda quyidagi hujjatlar talab etiladi:

 

  • Qonuniy vakilning fuqarolik biometrik pasporti yoki ID-karta maʼlumotlari.
  • Farzand(lar)ining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi maʼlumotlari.
  • Mobil telefon raqami.
  • «Xalq banki»da ochilgan bank kartasi («ijtimoiy karta») maʼlumotlari.

 

Ariza beruvchi arizani kiritishdan oldin ommaviy oferta shaklidagi ijtimoiy shartnoma bilan tanishib chiqishi va uni tasdiqlashi shart.

 

Arizani koʻrib chiqish va toʻlov jarayoni

 

Arizada ko‘rsatilgan maʼlumotlar «YaMISH» axborot tizimi orqali «Elektron hukumat» tizimining idoralararo platformasi yordamida bir ish kuni ichida avtomatik tarzda tekshiriladi.

 

Ariza qanoatlantirilgan taqdirda, qonuniy vakil moddiy yordam oluvchilar ro‘yxatiga kiritiladi va bu haqda uning mobil telefoniga SMS-xabarnoma yuboriladi.

 

Hisoblangan moddiy yordam mablag‘lari har oyning 10-sanasigacha to‘lov oluvchining «ijtimoiy kartasi»ga yoki «Xalq banki»da ochilgan bank kartasiga o‘tkazib beriladi.

 

Moddiy yordam to‘xtatilishi mumkin bo‘lgan holatlar

 

Moddiy yordamning hisoblanishi va to‘lanishi quyidagi hollarda to‘xtatiladi:

 

  • Farzand 6 yoshga to‘lganda.
  • Oila Kambag‘al oilalar registrida hisobdan chiqarilganda.
  • Qonuniy vakil rasmiy band bo‘lmagan taqdirda.
  • Bola doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga chiqib ketganda.
  • Bola vafot etganda, yoki bedarak yo‘qolgan deb topilganda.
  • Bola maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchilari ro‘yxatidan chiqarilganda.
  • Bola to‘liq davlat taʼminotiga o‘tkazilganda.
  • Ijtimoiy shartnomada nazarda tutilgan majburiyatlar qonuniy vakil tomonidan bajarilmaganda.

 

Ushbu tizimning joriy etilishi yolg‘iz ota-onalarni ijtimoiy himoya qilish va farzandlarining maktabgacha taʼlim olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan muhim qadamdir.