Soxta hujjatlar muammosi: xususiy universitetlar aybdormi yoki konsaltingchilar?

Soxta hujjatlar muammosi: xususiy universitetlar aybdormi yoki konsaltingchilar?

Oqibat bilan emas, sabab bilan kurashish vaqti keldi

 

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Rossiyadagi oliygohlarda o‘qiydi, degan soxta hujjatlar asosida O‘zbekistondagi xususiy universitetlarning 2-, 3- yoki 4-kurslariga o‘qishga qabul qilinayotgan holatlar haqida xabarlar tarqaldi.

 

Xususiy universitetlar ham mana shu korrupsion sxemaga sherik bo‘layotgani iddao qilindi.

 

Yurtimizda endi rivojlanib yuz minglab yoshlar ta’lim olayotgan xususiy universitetlarga bog‘liq ushbu holat yuzasidan quyidagi mulohazalarni keltirib o‘tmoqchimiz.

 

 

1. Hujjatlarni tekshirish vazifasi universitetlarning o‘ziga yuklatilgan.

 

Xorijdan talabalar o‘qishini yurtimizdagi OTM ko‘chirish Hukumatning 20.06.2017-yildagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan amalga oshiriladi. Unga ko‘ra hujjatlarni tekshirish va avval o‘qigan xorijdagi universitetga so‘rov yuborish oliy ta’lim tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi. Ya’ni bu jarayon markazlashmagan va raqamlashmagan bo‘lishi mumkin. Xorijda o‘qigan degan hujjatlarni to‘g‘ri tekshirish qay tartibda amalga oshiriladi, bu bo‘yicha aniq ko‘rsatma va mexanizmlar mavjudmi?

 

 

2. Muammo xususiy OTMlar paydo bo‘lishidan avval boshlangan

 

Chet elda o‘qidi degan hujjatlar orqali talabalarni ko‘chirish amaliyoti yangilik emas. Bu jarayon xususiy universitetlar tashkil etilishidan ancha avval, asosan konsalting kompaniyalari orqali amalga oshirilgan. Minglab talabalar, biron marta ham chet davlatga bormasdan turib, 1-kursni tamomladi degan hujjatlar asosida davlat OTMlariga ko‘chirishga harakat qilishgandi. Balkim ular bitirib diplom ham olishgandir.

 

Bu holat ommaviylashgani sababli davlat OTMlari hujjatlarni tekshirishni kuchaytirdi. Bilim va malakalarni baholash agentligi orqali test sinovlari joriy qilindi, minimal ballar oshirildi.

 

 

3. Sababchi kim: konsaltinglarmi yoki universitetlarmi?

 

Soxta hujjatlar tayyorlab berishni reklama qiluvchi va bu uchun ochiq pul so’rayotgan firmalarga qarshi jiddiy chora ko‘rilmayotgan bir paytda, ko‘proq aybni xususiy universitetlarga yuklayotgan holat kuzatilmoqda. Konkret ravishda qaysi OTM soxta hujjatni qabul qilgani rasman ma’lum qilinmasligi barcha xususiy universitetlarga nisbatan ishonchsizlik muhitini yuzaga keltirmoqda. Shuningdek, konsaltinglar ayrim universitetlar bilan kelishuvi bo‘lmasa ham ular nomidan hujjat qabul qilib, keyinchalik bu yerda joy qolmabdi deb o‘zgartirib bermoqda.

 

4. Endi xorijdan o‘qishni xususiy universitetga ko‘chirish ham oson bo‘lmaydi

 

2025-yil 30-iyun kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 403-son qaroriga ko‘ra, 2025-yil 1-avgustdan boshlab xususiy OTMlarga o‘qishni ko‘chirishda (chet eldan yoki mahalliy) davlat OTMlari uchun belgilangan talablar tatbiq etiladi. Ya’ni endi o‘qishni xorijdan yurtimizdagi xususiy universitetlar ko‘chirish ham oson bo‘lmaydi. Kelgusi o‘quv yilidan boshlab, xorijdan xususiy universitetga ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalar ham Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarida ishtirok etib, yo‘nalishi bo‘yicha minimal balni to‘plashi kerak bo‘ladi.

 

5. Oqibat bilan emas, sabab bilan kurashish vaqti keldi

 

Soxta hujjat muammosini yechish uchun jazo choralaridan tashqari, tashkilotchilik, tizim va hamkorlik zarur:

 

Chet elda o‘qidi degan hujjatlarni tekshirish mexanizmlari shaffof va raqamlashtirilgan bo‘lishi kerak.

 

Yurtimizdagi diplom va akademik ma’lumotlarning xorijda tan olinishini yengillashtirish zarur.

 

Qo‘shni davlatlarning vakolatli organlari bilan elektron ma’lumot almashinuvi tizimini yo‘lga qo‘yish, ENIC-NARIC yoki o‘xshash tarmoqlarga ulanish integratsiyalangan yechim bo‘ladi.

 

 

Soxta hujjatlar – bu butun tizimga tahdid. Ularning muallifi faqat talabalar, konsalting firmalari yoki universitetlar emas — bu, eng avvalo, huquqiy, axborot va ta’lim tizimlaridagi muvofiqlashmagan bo‘shliqlar natijasidir. Shu bois, oqibat emas, sabab bilan kurashish, hamkorlik, axborot almashinuvi va raqamli nazorat mexanizmlarini joriy qilish ustuvor vazifa bo‘lishi kerak.