Kvota taqsimoti abituriyentlarning tanlovi va toʻplagan ballariga koʻra amalga oshiriladi

Kvota taqsimoti abituriyentlarning tanlovi va toʻplagan ballariga koʻra amalga oshiriladi

Davlat buyurtmasi parametrlarini davlat oliy ta’lim muassasalari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilingan. Shuning uchun o’tgan yildan boshlab davlat buyurtmasi parametrlarida OTMlar nomi ko’rsatilmayapti. 

 

Davlat granti kvotalarining oliy ta’lim tashkilotlari kesimida taqsimoti tegishli bakalavriat ta’lim yoʻnalishi boʻyicha roʻyхatdan oʻtgan abituriyentlarning tanlovi va toʻplagan ballariga koʻra amalga oshiriladi.

 

Har bir ta’lim yoʻnalishi boʻyicha oliy ta’lim tashkilotining umumiy qabul parametriga nisbatan davlat granti kvotasining ulushi ta’lim sohalari kesimida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

 

Davlat buyurtmasi boʻyicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalariga ustuvorlik berilgan.

 

Shuningdek, 2025/2026-o‘quv yilida abituriyentlar to‘plagan baliga nisbatan ma’lum miqdordagi qo‘shimcha ball beriladigan imtiyozga ega bo’lsa va tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan o‘tish bali va undan yuqori ball to‘plagan taqdirda, to‘plagan baliga mos ravishda qo‘shimcha davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etiladi.

 

Ma’lum qilganimizdek, 2025-yil 18-iyul kunidagi Prezidentning F-43-sonli ‘‘Davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini tasdiqlash to‘g‘risida’’ gi farmoyishiga ko’ra, davlat komissiyasi bir hafta muddatda yangi o‘quv yili uchun qabul kvotasi va minimal o‘tish bali tasdiqlanishi kerakligi belgilangan.

 

Shunga muvofiq, joriy haftada qabul kvotasi va minimal o‘tish bali tasdiqlanishi kerak.