Joriy yilning 18-iyul kunidagi Prezidentning F-43-sonli ‘‘Davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini tasdiqlash to‘g‘risida’’ gi farmoyishiga ko’ra, davlat komissiyasi bir hafta muddatda yangi o‘quv yili uchun qabul kvotasi va minimal o‘tish bali tasdiqlanishi kerakligi belgilangan.
Ushbu farmoyishga ko‘ra, davlat komissiyasi bir hafta muddatda yangi o‘quv yili uchun:
Bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga qabul bo‘yicha:
– davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etuvchi oliy ta’lim tashkilotlari, ta’lim shakllari va ta’lim tillari kesimidagi umumiy qabul parametrlarini;
– imtiyozga ega abituriyentlar uchun qo‘shimcha qabul parametrlarini;
– tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishining oldingi o‘quv yilidagi o‘rtacha o‘tish ballarini hisobga olgan holda davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishning minimal o‘tish balini;
– hududlar, sohalar va tarmoqlarning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji asosida davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari buyurtmalariga muvofiq davlat granti asosidagi umumiy qabul parametrlari doirasida maqsadli qabul parametrlarining tuman (shahar)lar kesimidagi taqsimotini;
– har bir bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotining umumiy qabul parametriga nisbatan davlat grantining ulushini;
– ayrim bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining (tillar, maxsus pedagogika, sport, san’at va boshqa) o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib, ularning soha ixtisoslashuviga ko‘ra taqsimlangan qabul parametrlarini;
– magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul parametrlarini davlat granti va to‘lov-kontraktga ajratgan holda davlat oliy ta’lim tashkilotlari va tillar kesimida tasdiqlanishi belgilangan.
Shuningdek, 2025/2026 o‘quv yilida davlat oliy ta’lim tashkilotlariga kirishda to‘plagan baliga nisbatan ma’lum miqdordagi qo‘shimcha ball beriladigan shakldagi imtiyozga ega abituriyentlar tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan o‘tish bali va undan yuqori ball to‘plagan taqdirda, to‘plagan baliga mos ravishda qo‘shimcha davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etiladi.
