Toshkentdagi xususiy klinikalardan birida faoliyat yurituvchi urolog-shifokor amaliyot o‘tayotgan ikki nafar talaba qizga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilganlikda aybdor deb topildi. Sud unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi asosida 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.
Toshkentda sud xususiy klinikalardan birining urolog-shifokorini tibbiyot muassasasida amaliyot o‘tayotgan ikki nafar talaba qizga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilganlikda aybdor deb topib, unga besh sutka ma’muriy qamoq jazosini berdi. Bu haqda Podrobno.uz xabar berdi.
Ish hujjatlariga koʻra, 2026-yil mart oyining oxirida erkak oʻzining xizmat xonasida amaliyotchi qizlardan biriga jinsiy aloqada boʻlishni taklif qilgan. Aprel oyining oxirida esa u boshqa bir talaba qizga nisbatan ham shunday nomaqbul harakatlar qilgan, unga nisbatan xayrixohligi borligini aytgan. Shuningdek, unga uylanish niyati borligini bildirgan hamda amaliyotga kelmagan kunlari uchun ijobiy baholar qoʻyib berishni vaʼda qilgan.
Sudlanuvchi aybiga qisman iqror boʻlgan. U birinchi talaba qizga shilqimlik qilganini inkor etib, ikkinchisiga nisbatan shunchaki “tuygʻulari” boʻlganini tan olgan. Har ikki talaba qiz ham shifokorga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻrab murojaat qilgan. Qizlardan biri, shuningdek, shifokor bilan boʻlgan suhbatning audioyozuvini ham taqdim etgan.
Olmazor tuman sudi dalillarni yetarli deb hisoblagan va erkakni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning shahvoniy shilqimlik haqidagi 41-1-moddasi bilan aybdor deb topib, 5 sutka qamoq jazosini tayinlagan.
Avvalroq, Toshkentda talaba yigit kursdoshiga shilqimlik qilgani uchun jarimaga tortilgani haqida xabar bergan edik.
