2026-yilgi qabul kampaniyasida abituriyentlar dastlab test sinovlari uchun ro‘yxatdan o‘tadi, oliy ta’lim muassasasi va ta’lim yo‘nalishini esa imtihon natijalari e’lon qilingach tanlaydi. Qabul jarayoni ikki bosqichda tashkil etilib, barcha tanlovlar my.uzbmb.uz platformasi orqali amalga oshiriladi.
Prezidentning PF-81-son Farmoniga muvofiq, oliygohlar bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda — “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq amalga oshiriladi.
1-bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar (shu kuni ham) test sinovi topshirish uchun my.uzbmb.uz saytida onlayn roʻyxatdan oʻtadi hamda quyidagilarni tanlaydi:
Faqat test sinovida ishtirok etsa:
– fanlar majmuasi;
– taʼlim tili;
– test topshirish hududi.
Alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kasbiy/ijodiy imtihonlarda ishtirok etsa:
– taʼlim tili;
– test topshirish hududi;
– alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yoʻnalishi;
– kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan oliygoh.
Oliygohlarga kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida oʻtkaziladi.
2-bosqichda abituriyentlar kirish imtihonlari toʻliq yakunlanganidan soʻng 15 kun davomida my.uzbmb.uz sayti orqali quyidagilarni tanlaydi:
– oliy taʼlim muassasasi;
– bakalavriat taʼlim yoʻnalishi;
– taʼlim shakli;
– tanlov ustuvorligi.
Abituriyent test sinovida toʻplagan ballarini imtihon oʻtkazilgan kunning ertasiga bilishi mumkin. Uning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani qabul jarayonining 2-bosqichi toʻliq yakunlangandan keyin bir hafta muddatda Bilimni baholash agentligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Texnikumlarda oʻqish istagini bildirgan abituriyentlar oliygohlarga qabulning yakuniy natijasi eʼlon qilinganidan soʻng 10 kun muddatda quyidagilarni tanlaydi:
– texnikum;
– kasb va mutaxassislik;
– taʼlim shakli.
Natija bir hafta muddatda Bilimni baholash agentligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Abituriyentlar va ularning ota-onalariga qulayliklar yaratish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda barcha oliy ta’lim tashkilotlarida “Qabul-2026” shtabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, fuqarolarimiz vazirlikning 1006, Agentlikning 1195 ishonch telefoni yoki @EduuzUniversalBot’ga murojaat qilgan holda o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishlari mumkin.
Avvalroq, qabul jarayonlarida ma’lumotlar qanday olinishi va kimlar to‘lovdan ozod etilishi haqida xabar bergan edik.
