Xorijiy oliy ta’lim muassasalari (OTM) filiallarini tamomlagan ko‘plab bitiruvchilar hali hanuz bakalavr diplomini olisha olmagan. Ularning aytishicha, o‘qishni tamomlagan bo‘lsalar-da, diplomlar hali rasmiylashtirilmagan va faqat avgust oyidan keyin topshirilishi rejalashtirilgan.
Bu masala yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Call markaziga murojaat qilganida, rasmiy ravishda quyidagi javoblar berildi:
Magistraturaga diplomsiz ham hujjat topshirish mumkin
Vazirlikning rasmiy bayonotiga ko‘ra, bitiruvchilar o‘zlarining original diplomlari o‘rniga o‘qishni tamomlaganligini tasdiqlovchi akademik ma’lumotnoma va transkript hujjati orqali magistraturaga ariza topshirishlari mumkin.
Bu chora Respublika ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasining tegishli bayoni asosida ko‘rilgan bo‘lib, xorijiy OTM bitiruvchilari uchun diplomlarning kechiktirilishini inobatga olgan holda ruxsat etilgan.
Diplomni tasdiqlash vakolati to‘g‘ridan-to‘g‘ri universitetlarga berilgan. Bitiruvchining o‘qishni tamomlaganligi esa u tahsil olgan OTM tomonidan tasdiqlanishi kerak.
Shu bilan birga, magistraturaga o‘qishga qabul qilingan talabgorlardan diplomning asl nusxasi keyinchalik talab qilinishi mumkinligi eslatib o‘tildi.
Eslatib o‘tamiz, magistratura mutaxassisliklariga hujjat topshirish 30-iyulga qadar my.edu.uz platformasi orqali amalga oshiriladi. Tanlovda ishtirok etish uchun milliy yoki xalqaro til sertifikatiga ega bo‘lish talab etiladi.
Mazkur masala yuzasidan AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova rasmiy ma’lumot bergandi.
