Xabaringiz bor, 2025-yil 28-fevraldagi 130-sonli Vazirlar Mahkamasi qarorlariga asosan O‘zbekiston ta’lim tizimida pedagoglarning attestatsiyasi, kasbiy sertifikatlash va rag‘batlantirish tizimida tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
Bu qarorlar orqali attestatsiya jarayoni soddalashtirilib, rag‘bat tizimi kuchaytirilmoqda, shuningdek o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilarning ham mazkur baholash tizimiga jalb etilishi belgilab qo‘yildi.
Attestatsiyada kimlar ishtirok etadi?
Qarorga ko‘ra, endilikda:
- O‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar (masalan, sobiq kollej bitiruvchilari) ham attestatsiya jarayonlarida qatnashishi shart;
- Avvallari faqat oliy ma’lumotli o‘qituvchilar qatnashgan attestatsiya endilikda barchaga bir xil talablarda o‘tkaziladi.
Attestatsiya tartibida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?
2025-yil 28-fevraldagi 130-sonli qarorga ko‘ra:
- Attestatsiya endi bosqichma-bosqich va raqamlashtirilgan shaklda o‘tkaziladi;
- Kasbiy sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchilar test sinovidan ozod qilinadi;
- Sertifikatsiz o‘qituvchilar esa majburiy test sinovlaridan o‘tishi shart bo‘ladi;
- Portfel (kasbiy yutuqlar to‘plami) va dars kuzatuv natijalari ham baholash mezoniga kiritilgan.
Attestatsiyadan o‘tolmagan pedagoglar nima qiladi?
Qaror bilan maktab direktorlari quyidagi vakolatga ega bo‘ladi:
Test sinovlarida yetarli ball to‘play olmagan pedagoglarni ishdan bo‘shatish huquqi maktab rahbariga beriladi.
Ma’lumot uchun,
55 ball va undan yuqori ballga ega bo’lsa – attestatsiyadan o’tgan hisoblanadi va lavozimi saqlanadi,
55 balldan past ko’rsatgichga ega bo’lsa – attestatsiyadan o’tmagan, o’qituvchi lavozimiga muvofiq emas deb hisoblanadi.
Oliy ma’lumotga ega bo’lmagan pedagog kadrlar navbatdagi majburiy attestatsiyadan o’ta olmagan taqdirda, ish beruvchi xodimning malakasi yetarli bo’lmaganligi sababli u bilan mehnat to’g’risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilish huquqiga ega.
Ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilmagan taqdirda, navbatdagi majburiy attestatsiyadan o’ta olmagan oliy ma’lumotga ega bo’lmagan pedagog kadr navbatdan tashqari attestatsiyaga ko’pi bilan ketma-ket ikki marta jalb etiladi.
Bunda ikki martadan birortasida ham navbatdan tashqari attestatsiyadan o’ta olmagan yoki uzrli sababsiz (kasallikka chalinishi oqibatida mehnatga qobiliyatsizlik davrida hamda davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligidan tashqari hollarda) attestatsiyada ishtirok etmagan pedagog kadr bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mehnat to’g’risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda xodimning malakasi yetarli bo’lmaganligi sababli bekor qilinadi.
Attestatsiyadan o’ta olmagan oliy ma’lumotga ega bo’lmagan pedagog kadrlarni ketma-ket ikki marta navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etishga pedagog kadr faoliyat ko’rsatayotgan ta lim tashkilotining rahbari shaxsan javobgar hisoblanadi.
Attestatsiyadan o’ta olmaganligi sababli mehnat to’g’risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda pedagoglarning mehnat shartnomasi (xodimning malakasi yetarli bo’lmaganligi sababli) bekor qilingan taqdirda, pedagog kadr faqat o’z xohishi bilan navbatdan tashqari Kasbiy sertifikatlash sinovida ishtirok etib, sertifikatni qo’lga kiritgan holdagina, yana pedagog sifatida ishga qabul qilinishi mumkin bo’ladi.
Sertifikatlash va ustamalar tizimi
Yangi qarorlar asosida sertifikatlash orqali rag‘batlantirish tizimi ham joriy etildi:
1. Xalqaro tan olingan sertifikat – Maoshning 50% gacha ustamasi
2. Milliy kasbiy sertifikat – Maoshning 20% ustamasi
3. Testda 70 balldan yuqori – 50–70% ustama (ballga qarab).
