Ma’lumki, joriy o‘quv yili uchun Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriati uchun kirish imtihonlari to‘liq yakunlandi.
Mazkur kirish test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlar 24-iyuldan 7-avgustgacha (taxminiy muddat, o’zgarishi ham mumkin) — oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlarini tanlashlari lozim bo‘ladi.
Bunda dastlab abituriyent “Tanlov ustuvorligi”ni ham tanlashlari kerak.
Abituriyent ustuvorlik sifatida:
— davlat grantini tanlasa — tanlagan barcha taʼlim yo‘nalishlarida dastlab davlat granti, so‘ngra to‘lov-kontrakt asosida saralanadi;
— ta’lim yo’nalishini tanlasa — avval har bir taʼlim yo‘nalishida davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ketma-ket tanlovda ishtirok etadi.
Misol uchun, abituriyent beshta yo‘nalishdan qaysi biriga kirishining ahamiyati yo‘q, asosiysi davlat grantiga kirish bo‘lsa, unda ustuvorlikni davlat granti etib belgilaydi.
Agar bu holat aksincha bo‘lsa, ya’ni, abituriyent birinchi tanlagan yo‘nalishiga hatto shartnoma asosida ham kirishi shart bo‘lsa, unda ustuvorlikga ta’lim yo‘nalishini tanlaydi.
Shundan so‘ng, abituriyent test topshirgan fanlar majmuasi va ta’lim tiliga mos bo‘lgan beshtagacha oliy ta’lim muassasasi va ta’lim yo‘nalishini ta’lim shakli bilan birga tanlaydi.
Bunda ta’lim yo‘nalishlarini bir oliy ta’lim muassasasi yoki turli oliy ta’lim muassasalari doirasida tanlash mumkin.
Abituriyentlar ta’lim yo‘nalishlarini tanlash muddati yakunlangunga qadar o‘z ma’lumotlarini o‘zgartirishlari va qayd varaqasini qayta yuklab olishlari mumkin.
