Xitoy universitetlari shiddat bilan yuqorilamoqda, AQSH esa ortda qolmoqda – Time jurnali tahlili

Xitoy universitetlari shiddat bilan yuqorilamoqda, AQSH esa ortda qolmoqda – Time jurnali tahlili

So‘nggi yillarda ta’lim sohasida kuchli global siljishlar yuz bermoqda. Xususan, oliy ta’lim bo‘yicha dunyoning ilg‘or reytinglarida Xitoy universitetlarining jadal yuksalishi ko‘zga tashlanmoqda. Bu orada AQSH ichki siyosati tufayli global ta’lim maydonida o‘z pozitsiyalarini boy berayotganini ko‘rish qiyin emas. Bunday o‘zgarishlar, bir qarashda, oddiy raqamlardek tuyulishi mumkin, lekin bu raqamlar ortida butun bir geosiyosiy raqobat turibdi, – deya xabar bermoqda Time jurnali.

 

AQSHning prezidenti Donald Trump davrida oliy ta’lim tizimi bir qator tanqid va cheklovlarga uchramoqda. Xususan, ilmiy tadqiqotlar uchun ajratiladigan federal mablag‘larning kesilishi, xorijiy talabalar, ayniqsa Xitoy fuqarolari uchun viza siyosatining keskin toraytirilishi, universitetlarga bosim va tergovlar kabi omillar mamlakatning ilmiy salohiyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Senatdagi Demokratlar guruhi bu borada ochiq ogohlantirishlar bilan chiqdi. Ularning fikricha, tashqi yordamni qisqartirish, ichki izolyatsion siyosat AQSHning xalqaro liderlik mavqeini asta-sekin tushishiga sabab bo‘lmoqda.

 

Xitoy esa, aksincha, so‘nggi yillarda oliy ta’lim va ilm-fan sohasiga ulkan mablag‘ yo‘naltirmoqda. 2025–2026 yillardagi US News & World Report reytingida Xitoy va Gonkongdagi 15 ta universitet dunyoning eng yaxshi 100 taligi qatoriga kirgan. Tsinghua universiteti hatto 11-o‘ringa ko‘tarilgan (Imperial College London bilan bir xil natija). Bundan 7 yil avval bu ro‘yxatda Xitoydan atigi 2 universitet bor edi, xolos. Bugun esa Peking universiteti 25-o‘rinni, Zhejiang universiteti esa 45-o‘rinni egallamoqda. Bu raqamlar Xitoyning ta’lim siyosati qanday sur’atda rivojlanayotganini ko‘rsatadi.

 

Ayni vaqtda AQSHdagi oliygohlar bir vaqtning o‘zida bir nechta bosim ostida qolmoqda. Trump tomonidan yo‘lga qo‘yilgan “China Initiative” dasturi doirasida ko‘plab xitoylik olimlarga nisbatan tergovlar ochilgan bo‘lsa-da, ularning ko‘pi aybsiz deb topilgan. Harvard kabi yirik universitetlarga ham moliyaviy bosim o‘tkazilgan, bu esa ilmiy tadqiqotlar sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu sababli ko‘plab yetuk olimlar AQSHni tark etmoqda. 2010–2021 yillar oralig‘ida 20 mingdan ortiq xitoylik olim mamlakatni tark etgani bu jarayonning chuqurligini ko‘rsatadi.

 

Xalqaro talabalar oqimi ham kamaygan. Avvallari AQSH universitetlariga eng ko‘p talabalar Xitoydan kelgan bo‘lsa, endilikda bu borada Hindiston yetakchilikni qo‘lga olgan. Xitoylik talabalar soni 370 mingdan 25 foizga kamaygan. Bu esa nafaqat oliy ta’lim sohasiga, balki kelajakdagi ilmiy innovatsiyalar zaxirasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

 

Shu bilan birga, AQSHdagi bir qator yirik universitetlar – UC Berkeley, Michigan, Georgia Tech – Xitoydagi hamkor universitetlar bilan aloqalarni uzishga majbur bo‘ldi. Vizalar bilan bog‘liq cheklovlar, ayniqsa 2020-yildagi Proklamatsiya 10043 orqali aspirantlar uchun viza berilmasligi, o‘zaro akademik almashinuvni deyarli to‘xtatdi.

 

Xitoy esa bu orada bo‘shliqdan ustalik bilan foydalanmoqda. 2018–2020 yillar oralig‘ida Xitoy dunyo bo‘yicha eng ko‘p ilmiy maqola chop etgan mamlakatga aylandi. Fundamental fanlar, texnologiya va tibbiyot yo‘nalishlaridagi tadqiqotlar uchun davlat darajasida milliardlab yuanlar ajratilmoqda. Bu esa universitetlarning reytingda yuksalishini tezlashtirayotgan asosiy omillardandir.

 

Aksincha, AQSHda NIH va boshqa ilmiy agentliklarga ajratiladigan mablag‘lar 40 foizgacha qisqartirilishi mumkinligi haqida xavotirlar bor. Bu holatda nafaqat ilmiy salohiyat, balki AQSHning “ilmiy yetakchi” sifatidagi xalqaro nufuzi ham xavf ostiga tushadi. Endilikda amerikalik yosh olimlar ham boshqa mamlakatlar, jumladan Osiyo davlatlarida o‘z faoliyatini davom ettirishni o‘ylamoqda.