Bugungi kunda yangi til o‘rganishga kirishganlar ko‘p. Ko‘pchilik so‘z yodlash, filmlar ko‘rish yoki podkast tinglashni eng samarali yo‘l deb biladi. Biroq Forbes Education ayrim usullar aslida unchalik foyda bermasligini taʼkidlamoqda.
Xo’sh, ularning fikricha, qaysi usullar vaqtni bekorga sarflashga olib keladi?
1. Tilni fon sifatida tinglash
Chet tilidagi nutqni fon sifatida eshitish ko‘p hollarda foydasiz bo‘ladi. Chunki shunchaki eshitish orqali til tushunilmaydi. Tilni o‘rganishda tinglashni qismlarga bo‘lib, tushunishga harakat qilish, yangi iboralarni yozib borish va eshitgan narsani qayta hikoya qilish samaraliroq.
Shuningdek, boshlang‘ich darajada oddiy, tushunarli matnlar bilan ishlash, audirovanie mashqlarini bajarish tavsiya etiladi. Haqiqiy, autentik materiallarga esa B1 darajasi yetganda kirishish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
2. Filmlarni ona tilidagi subtitrlar bilan ko‘rish
Filmni ona tilidagi subtitrlar bilan ko‘rish ko‘p hollarda foyda bermaydi. Chunki inson subtitrlarga ko‘proq eʼtibor qaratadi, eshitayotgan nutq esa fon sifatida qoladi. Buning o‘rniga filmni original tildagi subtitrlar bilan ko‘rish, qiziqarli iboralarni yozib olish, ularning maʼnosini lug‘atdan tekshirish, qisqa bo‘laklarni tomosha qilib, keyin subtitrsiz qayta ko‘rish ancha samarali bo‘ladi.
Film — til muhitining kontsentratsiyalashgan manbai, undagi dialoglar, so‘zlashuv ohanglari va autentik iboralar tilni o‘rganishda katta yordam beradi. Hatto 10 daqiqalik film parchasini tahlil qilish, soatlab ona tilidagi subtitr bilan film ko‘rishga qaraganda ko‘proq foyda keltiradi.
3. So‘zlarni ro‘yxat asosida yodlash
So‘zlarni ro‘yxat asosida yodlash ko‘pchilikka samarali tuyuladi. Lekin bunday yodlangan so‘zlar tezda unutiladi, chunki ular real gaplarda qanday ishlatilishini bilish qiyin bo‘ladi. Tilni o‘rganishda so‘z birikmalarini yodlash, ularni real vaziyatlarda ishlatish muhim.
Masalan, ingliz tilida «Good morning» deyish to‘g‘ri, ammo «Nice morning» emas. Shuningdek, fransuz tilida «ko‘chada yurish» emas, balki «ko‘chani kezish» deyish kerak. Shuning uchun, oddiy so‘zlarni emas, balki feʼl + ot, yoki ot + sifat kabi iboralarni yodlash samaraliroq bo‘ladi.
Shuningdek, til o‘rganishda real hayotdagi vaziyatlarni modellashtirish foydali: masalan, do‘konda xarid qilish, xizmat ko‘rsatish joyida suhbatlashish, asosiy iboralarni yodlab, ularni real hayotda ishlatish.
4. Faqat grammatik mashqlar bilan cheklanish
Ko‘pchilik uchun til — bu grammatik qoidalar to‘plami. Aslida grammatika muhim, lekin tilni o‘rganishni faqat qoidalar bilan chegaralash mumkin emas. Chunki qoidalarni yodlash bilan tilni erkin gapirish imkoniyati paydo bo‘lmaydi.
Forbes Education tilni o‘rganishda grammatikani nazariya bilan birga amaliyotda qo‘llashni tavsiya qiladi: ko‘p o‘qish, tinglash, yozish va gapirish. Muhimi, qoidani bilish emas, balki uni o‘rinli ishlata bilishdir.
5. Xato qilishdan qo‘rqish
Ko‘pchilik maktabdagi tajribasi tufayli xato qilishdan qo‘rqadi: go‘yo har bir xato uchun ball tushiriladi. Natijada, inson gapirishdan tiyiladi, bu esa til o‘rganishni sekinlashtiradi. Aslida esa, xato qilish — tilni o‘rganishning ajralmas qismi.
Hech kim skripkada o‘ynashni xato tovush chiqarmasdan o‘rganmaganidek, tilni ham xatosiz o‘rganib bo‘lmaydi. Gapirishni kechiktirmaslik, hatto oddiy gaplardan boshlash zarur. Shuningdek, audio kundalik yuritish, ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy tilda post yozish foydalidir. Muhimi, yodlangan iboralarni real hayotda bir necha bor ishlatish orqali mustahkamlash kerak.
Xulosa: Tilni o‘rganishda asosiy yondashuv — uni muntazam amaliyotda qo‘llash. Matnlarni yodlash emas, balki ularni real vaziyatlarda ishlatish, gapirish, tinglash va o‘qish orqali til ko‘nikmalarini rivojlantirish samarali natija beradi. Forbes Education mutaxassislari aynan shunday yondashuv samarali ekanini taʼkidlamoqda.


