Toshkent shahridagi “Jajji nihollar” nomli nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi tarbiyachisi va uslubchisi jinoyat sodir etgani uchun sud tomonidan jazoga tortildi. Bu haqda Kun.uz xabar berdi.
Sud hujjatlariga koʻra, 1997-yilda tugʻilgan tarbiyachi Laylo Alimova va 1957-yilda tugʻilgan uslubchi Vazira Giyazova 2024-yil 9-11-dekabr kunlari oralig‘ida bogʻchaning 2022-yilda tugʻilgan tarbiyalanuvchisi Zubayr Anvarjonovga shafqatsiz munosabatda boʻlgan.
Aniqlanishicha, Vazira Giyazova bolani ovqatlanishni xohlamagani uchun bosh qismiga urgan, kiyimlaridan tortib sudragan hamda krovatga zarb bilan otgan. Tarbiyachi Laylo Alimova esa bolani uxlamagani sababli bir necha bor yerga uloqtirgan, bo‘ynidan bo‘g‘ib, yerga yotgan joyida gavdasining orqa qismiga bir necha marotaba oyoqlari bilan tepgan. Shuningdek, ko‘targan holda xona oynasidan tanasini chiqarib, uni tashlab yuborish bilan qo‘rqitgan, so‘ngra zarb bilan yerga uloqtirgan.
Tarbiyachi bu harakatlari orqali bolaga hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Laylo Alimova sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. U sud jarayonida buni jahl ustida sodir etib qo‘yganini aytib, chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirgan va suddan yengillik so‘ragan.
“2024-yil 11-dekabr kuni odatdagiday soat 8:00 larda ishga kelib, o‘zimga biriktirilgan guruhga kelgan bolalarni ota-onasidan sog‘-salomat qabul qilib oldim. Ularga ertalabki nonushtasini berib, so‘ng mashg‘ulot o‘tkazdim. Tushlik vaqtida bolalarga ovqat berdim. So‘ngra uxlashlari uchun krovatiga yotqizdim. Bu vaqtda Zubayr Anvarjonov krovatga yotmasdan, narigi xona eshigi oldida yig‘lab turgandi. Jahlim chiqib uni oyog‘im bilan uch marotaba tepib yubordim. Birinchi marta tepganimda Zubayr tanasi bilan devorga urildi. So‘ng uni ko‘tarib kelib, krovatiga otib yubordim.
Shu vaqt xonaga uslubchi Vazira Giyazova kirib keldi. U yig‘lab yotgan Zubayr Anvarjonovni qo‘li bilan bir marotaba turtib, ko‘tarib krovatiga otdi va “uxlamasang o‘ldiraman, uxla” deb xonadan chiqib ketdi. Oradan bir qancha vaqt o‘tib, Zubayr o‘rnidan turib olganini ko‘rdim va ushbu holatdan jahlim chiqib, uning oldiga bordim hamda qo‘limning kaft qismi bilan yuziga urdim. Taxminan 10-15 daqiqadan so‘ng Zubayr yana yotgan joyidan boshini ko‘tardi. Jahlim chiqib, uxlashini aytdim va yuziga ikki marotaba urdim. So‘ngra o‘z o‘rnimga o‘tirib, telefon apparatimni o‘ynashda davom etdim”, — degan u o‘z ko‘rsatmasida.
Ayblanuvchi Laylo Alimovaning ta’kidlashicha soat 14:21 da bola uxlamasdan yig‘layvergani uchun ovozini o‘chirish maqsadida og‘ziga choyshabini tiqib, bir necha marta og‘zini qo‘lim bilan yopib, bo‘g‘ib, yuzlariga urgan.
Shundan so‘ng, Zubayr ko‘zi ochiq holatda harakatsiz bo‘lib qolgan. Laylo Alimova uni hojatxonaga olib kirib, yuzini yuvgan, so‘ngra joyiga yotqizib qo‘ygan. Zubayrning harakatsiz yotganidan qo‘rqib ketgan tarbiyachi boshqa xodimalarni chaqirgan. Bolaga birinchi yordam ko‘rsatishga harakat qilishgan, ammo u o‘ziga kelmagan.
Keyin tez tibbiy yordam chaqirtirilib, bolani shifoxonaga olib ketilgan.
Zubayr Anvarjonovga shifokorlar tomonidan koʻrsatilgan yordamga qaramay, u 2024-yil 14-dekabr kuni shifoxonada vafot etgan.
Sud hukmi bilan Laylo Alimova Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (Qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlishi) boʻyicha aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi asosida 6,5-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Vazira Giyazovaga esa Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) 2-qismi “a, v” bandlari boʻyicha 3-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi belgilangan.
