Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayev davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan pora olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, hokimlikning bosh mutaxassisi tumandagi qurilish kompaniyasi MCHJ rahbaridan ko‘p qavatli uy qurish uchun yer ajratish evaziga 30 ming AQSh dollari talab qilgan. Joriy yilning 5-iyul kuni u ushbu mablag‘ning 10 ming dollarini olib, tuman hokimiga bergan. 8-iyul kuni esa qolgan 20 ming dollarni tadbirkordan olgan.
Qayd etilishicha, tadbirkorga Sharof Rashidov tumani “Tokchilik” MFY hududidagi umumiy o‘rta taʼlim maktab binosini qurish uchun ajratilgan 1,7 gektar yerda 8 ta ko‘p qavatli uy qurishga ruxsat beruvchi hujjatlar taqdim etilgan.
Bosh mutaxassis tuman hokimiga hokimiyat binosi oldida 10 ming dollarni berayotgan paytda, DXX xodimlari ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘ygan.
Hozirda Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayev deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum etilib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan, bosh mutaxassisga esa 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Maʼlumot uchun, Mahmud Parsamatovich Xolbo‘tayev ilgari Mirzacho‘l tumani hokimi, Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan, 2019-yildan 26-oktyabridan buyon Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritgan. U, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
