Xitoyning Futszyan viloyatidan bo‘lgan Din Yuanchjao to‘rtta nufuzli universitetni, jumladan Oksfordni ham tamomlagan bo‘lishiga qaramay, hozirda u kuryer bo‘lib ishlamoqda.
39 yoshli erkak Sinxua universiteti o‘qishga qabul qilingan. U yerda kimyo bo‘yicha bakalavr darajasini olgach, u boshqa mashhur oliy o‘quv yurti — Pekin universitetida energiya muhandisligi bo‘yicha magistraturani tamomlagan.
Keyinchalik u Singapurdagi eng yuqori darajadagi universitetlardan biri — Nanyang Texnologiya Universitetida biologiya fanidan doktorlik (PhD) darajasini olgan. Bundan tashqari, Britaniyadagi Oksford universitetida biologik xilma-xillik bo‘yicha yana bir magistr darajasini qo‘lga kiritgan.
Biroq mutaxassisligi bo‘yicha munosib ish topa olmagan. Din Yuanchjaoning aytishicha, u mehnat bozorida qiyinchiliklarni boshdan kechirgan — ko‘plab rezyumelar yuborgan, o‘ndan ortiq suhbatlardan o‘tgan, ammo nufuzli lavozimga kira olmagan.
U orzu qilgan sohasida ish topa olmagach kuryerlik yo‘lini tanlagan.
Singapurda oziq-ovqat yetkazib berish platformasida ro‘yxatdan o‘tgan. U yerda kuniga 10 soatdan ishlagan va haftasiga taxminan 700 singapur dollari (qariyb 550 AQSh dollari) ishlab topgan. Keyinchalik u Xitoyga qaytgan va hozirda Pekinda kuryer bo‘lib ishlamoqda.
U o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bu ishning sog‘liq uchun foydalari haqida kontent joylab boradi va kuryerlar har doim jismoniy faollikda bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi.
“Men bu daromad bilan oilamni boqishim mumkin. Agar siz astoydil ishlasangiz, munosib hayot kechirishga yetarli pul topasiz. Bu yomon ish emas”, — deydi u.
U aytishicha, yetkazib berish xizmatlari o‘rniga xususiy repetitorlik bilan shug‘ullanishi mumkin edi, biroq “mijoz izlashga juda uyalchan” bo‘lgani sababli bu fikrdan voz kechgan.
Shuningdek, u yaqinda bo‘lib o‘tgan gaokao imtihonini topshirgan abituriyentlarni qo‘llab-quvvatlagan videosi orqali internetda katta e’tibor qozongan.
“Agar siz imtihonda yaxshi natijalarga erisha olmagan bo‘lsangiz, tushkunlikka tushmang. Agar yaxshi topshirgan bo‘lsangiz, yodingizda tuting — odamlarning kasbi insonning qadr-qimmatini belgilamaydi”, — deb maslahat bergan u.
