Avvalroq, 1-iyul kunidan magistraturaga hujjat topshirish uchun belgilangan my.edu.uz platformasi ishlamayotganligi yuzasidan mas’ullar bilan bog‘langan edik.
Ular my.edu.uz sayti ishlamayotganligiga asosiy sabab kvota tasdiqlanmagani va kvotalar tez orada tasdiqlanishi kutilayotganligini aytib, qabul ertadan ochiladi deya ma’lum qilishgan edi.
Ammo, mana 5 kundan buyon qabul jarayonlari haligacha ochilgani yo‘q.
Mazkur holatni yana aniqlashtirish maqsadida vazirlik bilan bog‘lanmoqchi bo‘ldik, lekin iloji bo‘lmadi.
Ma’lumot uchun: 9-sinf bitiruvchilari uchun texnikumlarga qabul davom etmoqda. Bugungacha 103 ming 823 ta ariza kelib tushgan. Qabul 20-iyulgacha (shu kuni ham) davom etadi.
Akademik litseylarga ham ariza qabul qilish davom etmoqda. Bugungacha 42 ming 551 ta ariza kelib tushgan. Qabul 10-iyulgacha (shu kuni ham) davom etadi.
Shuningdek, bugun, 5-iyuldan texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni OTMlarga suhbat asosida oʻqishga qabul qilish boʻyicha ham arizalar qabuli ochilishi kerak. Hozircha bu tizim ham ochilmadi.
