Joriy yilning 2-iyul kuni Microsoft so‘nggi oylarda uchinchi marotaba qisqartirish o‘tkazayotgani va minglab xodimlarni ishdan bo‘shatayotganini tasdiqladi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Kompaniya vakilining aytishicha, qisqartirishlar kompaniyaning umumiy ishchi kuchining 4 foizidan kam qismini yoki taxminan 9 ming ishchini qamrab oladi. Bu texnologiya gigantining 2023-yilda 10 ming ishchini ishdan bo‘shatganidan keyingi eng yirik qisqartirish hisoblanib, texnologiya sohasidagi boshqa kompaniyalardagi qisqartirishlar fonida amalga oshirilmoqda.
Microsoft aksiyalari ushbu e’londan so‘ng o‘zgarmagan.
“Biz kompaniya va jamoalarni o‘zgaruvchan bozor sharoitida muvaffaqiyatga erishtirish uchun zarur tashkiliy o‘zgarishlarni amalga oshirishda davom etamiz,” — deyiladi Microsoft bayonotida. Kompaniya boshqaruv darajalarini qisqartirayotganini va yangi texnologiyalar yordamida xodimlarning unumdorligini oshirishni maqsad qilayotganini qo‘shimcha qilgan.
Qisqartirishlar, shuningdek, Microsoft kabi texnologiya kompaniyalari sun’iy intellektdan ishchi kuchini yanada samarali qilish uchun foydalanayotgan bir paytda amalga oshirilmoqda. Microsoft bosh direktori Satya Nadella joriy yil boshida kompaniyaning dasturiy kodining 20-30 foizi sun’iy intellekt tomonidan yaratilayotganini bildirgan va kompaniya sun’iy intellekt infratuzilmasiga milliardlab mablag‘ sarflayotganini ta’kidlagan.
AI to‘g‘ridan-to‘g‘ri ushbu qisqartirishlarga sabab bo‘lgan-bo‘lmaganligi va Microsoft’ning qaysi bo‘linmalari ta’sirlanishi hozircha aniq emas. The Verge’ning yozishicha, Xbox rahbari Fil Spenser ichki xabar yuborib, uning jamoasi ham qisqartirishdan zarar ko‘rishini bildirgan. Bloomberg esa avvalroq, iyul oyidagi rejalashtirilgan qisqartirishlar asosan savdo bo‘limi va Xbox jamoasini nishonga olishini xabar qilgandi.
2-iyul kungi qisqartirishlar Microsoft may oyida ishchi kuchining 3 foizini, ya’ni taxminan 7 ming ishchini ishdan bo‘shatganidan keyin amalga oshirilgan.
2024-yil iyul holatiga ko‘ra, Microsoft o‘zining umumiy ishchi sonini rasmiy ravishda 228 ming nafar deb bildirgan.
Joriy yilda boshqa texnologiya kompaniyalari ham qisqartirishlar o‘tkazdi, jumladan Meta va Bumble. Amazon bosh direktori Endi Jassi ham o‘tgan oy sun’iy intellekt oxir-oqibat kompaniya ishchi kuchini qisqartirishga yordam berishini ogohlantirgan edi.
Microsoft aprel oyida 31-martda yakunlangan uch oylik davrda kvartal foydasi 18 foizga oshib, 25,8 milliard dollarni tashkil etganini ma’lum qilgan edi. Bunda asosiy daromad manbalari bulutli xizmatlar va sun’iy intellekt xizmatlari bo‘lgan. Kompaniya joriy oyda o‘zining moliyaviy yil to‘rtinchi chorak daromadlarini e’lon qilishi kutilmoqda.

