Avvalroq, Namangan davlat universiteti 2025/2026-o‘quv yili bakalavriati uchun qabul kvotalari e’lon qilingani haqida xabar berilgan edi.
Shundan so‘ng, Namangan davlat universiteti Axborot xizmati bu ma’lumotlarni rad etib, rasmiy munosabatini bildirdi.
‘‘O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-81-sonli farmoniga asosan, 2024/2025 o‘quv yili qabulidan boshlab, davlat buyurtmasi parametrlarini davlat oliy ta’lim muassasalari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida tasdiqlash tartibi joriy etilgan.
Shuningdek, Respublika ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan oliy ta’lim tashkilotlari, ta’lim shakllari va tillar kesimida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha umumiy qabul parametrlari tasdiqlanishi belgilangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar haqiqatga mos emasligini bildiramiz’’, — deyiladi xabarda.
