ChatGPT har kuni Yerga qancha zarar yetkazmoqda?

ChatGPT har kuni Yerga qancha zarar yetkazmoqda?

So‘nggi yillarda sun’iy intellekt texnologiyalari kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Xususan, ChatGPT kabi SI-chatbotlar ish, ta’lim, ijodiy faoliyat va hatto hordiq chiqarishda ham keng qo‘llanmoqda.

 

 

2025-yil aprel holatiga ko‘ra, ChatGPT har hafta 800 milliondan ortiq foydalanuvchi tomonidan ishlatilmoqda, har kuni esa 122 milliondan ortiq kishi unga murojaat qiladi.

 

 

ChatGPT (Generative Pre-trained Transformer) — bu OpenAI kompaniyasi tomonidan 2022-yilda yaratilgan sun’iy intellekt botidir. U foydalanuvchi bilan jonli muloqot qiluvchi tizim bo‘lib, matn yozish, kod yaratish, hikoya va she’rlar yozish, hazil qilish, rasm chizish, matematik masalalarni yechish va sayohatlarni rejalashtirish kabi ko‘plab funksiyalarga ega.

 

 

Mashhur bloger eto_oma ChatGPT orqali bir nechta tasvirlar yaratgach, bu jarayon qancha energiya talab qilishini o‘rganishga kirishgan. Uning aytishicha, oddiy bir tasvir yaratish 10 dan 100 Vt·soatgacha elektr energiyasini talab qilgan. Taqqoslash uchun, Google’da qidiruv qilish o‘rtacha 0,3 Vt·soat energiya sarflagan. Bularni oddiyroq tushuntirish uchun bloger quyidagicha solishtirish keltirgan:

 

ChatGPT har kuni Yerga qancha zarar yetkazmoqda?

 

Oddiy rasm generatsiyasi (10 Vt·soat) — bu elektr choynagini 20 soniya ishlatishga teng.

 

 

Murakkab rasm generatsiyasi (100 Vt·soat) — bu 1 litr suvni elektr choynakda qaynatishga teng.

 

 

ChatGPT ma’lumotiga ko‘ra, foydalanuvchilar har kuni o‘rtacha 34 million rasm yaratadilar — bu soniyasiga 394 ta rasm degani. Bunda kunlik energiya sarfi 340 MVt·soatdan 3,4 GVt·soatgacha bo‘lishi mumkin. Bu esa 100 mingta uyning bir soatda iste’mol qiladigan elektr energiyasiga teng.

 

 

Elektr energiyasining ishlab chiqarilishi esa issiqxona gazlari, xususan karbonat angidrid (CO₂) ajralishiga olib keladi. Bu gazlar iqlim o‘zgarishiga va global isish muammosiga sabab bo‘ladi. AI tomonidan yaratilayotgan rasm va matnlar orqali kuniga 5 mingdan 50 ming tonnagacha CO₂ chiqariladi.

 

 

BMT ekologik dasturi — UNEP mutaxassislarining fikriga ko‘ra, sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlatish uchun qurilgan yirik server markazlari nodir mineral va metallarni talab qiladi. Ularning qazib olinishi esa ekologiyaga jiddiy zarar yetkazmoqda.

 

 

Bundan tashqari, birgina katta til modelini (masalan, GPT-4) o‘qitish jarayonida 300 tonna karbonat angidrid ajraladi. Bu esa bir avtomobilning butun hayoti davomidagi chiqindisidan besh barobar ko‘p yoki Nyu-York bilan Pekin orasidagi 125 marta aviaqatnovga teng.

 

 

Rasm yaratishga qaraganda, matn generatsiyasi kamroq energiya talab qiladi — taxminan 0,03 Vt·soat, bu esa Google so‘roviga teng. Biroq bu ham butunlay zararsiz emas.

 

 

OpenAI bosh direktori Sem Altmanning aytishicha, foydalanuvchilarning oddiy “iltimos” yoki “rahmat” degan so‘zlari ham sun’iy intellekt serverlari orqali qayta ishlanadi va elektr energiyasini sarflaydi. Har bir muloyim javob uchun — masalan, “iltimos” yoki “arzimaydi” — minglab serverlar ishlaydi, bu esa yiliga o‘nlab million-dollar sarf va ko‘plab chiqindilar bilan bog‘liq.

 

 

Kelajakda OpenAI xarajatlarni kamaytirish maqsadida sun’iy javoblar uchun standart (shablon) javoblarni joriy qilishni rejalashtirgan.

 

 

Sun’iy intellekt texnologiyalari, jumladan ChatGPT, insoniyat hayotini qulaylashtirish bilan birga, atrof-muhitga ham sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatmoqda. Ularning ishlashi uchun sarflanadigan energiya, xom-ashyo va ular bilan bog‘liq chiqindilar ekologik muvozanatga putur yetkazmoqda. Kelajakda bu texnologiyalarni yanada ekologik xavfsiz qilish bo‘yicha jiddiy chora-tadbirlar ko‘rish muhim.