Namangandagi xususiy bog‘chada tarbiyachi bolalarga qo‘pol munosabatda bo‘ldi (video)

Namangandagi xususiy bog‘chada tarbiyachi bolalarga qo‘pol munosabatda bo‘ldi (video)

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Namangan tumanidagi xususiy bog‘chada tarbiyachi bolalarga qo’pol munosabatda bo’lgani aks etgan video tarqaldi.

 

 

Unga ko’ra, bog’cha xodimi tarbiyalanuvchi bolalar bilan musiqali o‘yin tashkil qilayotgan vaqtda ularga nisbatan o‘ta qo‘pol munosabatda bo‘lgan. Shuningdek, ayol bolalarni haqoratlab urgan. Videoda uning “Tur, tur! Men kimga jon kuydiryapman?” deya juda baland ovozda baqirgani ham aks etgan.

 

 

Aniqlanishicha, Eshobod mahallasidagi ushbu maktabgacha ta’lim muassasasi noqonuniy ishlab kelgan. Shu sabab faoliyati to‘xtatilib, bolalar bilan qo‘pol munosabat qilgan tarbiyachi bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan. Holat yuzasidan huquqiy baho berish uchun IIOga hujjat taqdim etilgani ma’lum qilingan.

 

 

Holat bo’yicha Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi. Unda, tumanning “Eshobod” MFY hududida joylashgan “3-Renessans avlodlari” nomli maktabgacha ta’lim tashkiloti bir fuqaro tomonidan noturar joyda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan va litsenziyasiz ishlayotgani aniqlangan.

 

“Videoda keltirilgan muassasa tarbiyachisi bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Kelgusida bunday vaziyatlarning takrorlanmasligi yuzasidan qat’iy ogohlantirildi va zarur tushuntirish ishlari olib borildi.

44 nafar bola qamrab olingan ushbu noqonuniy maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati to‘xtatilib, yuqoridagi holat yuzasidan huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga barcha hujjatlar taqdim etilganligi bildiriladi”, – deyiladi xabarda.