Ukraina Ta’lim va fan vaziri o‘rinbosari Mixail Vinnitskiy bitiruvchilarga hisob-kitob va hisobotlar bilan bog‘liq yo‘nalishlarga hujjat topshirmaslikni tavsiya etdi. Uning fikricha, juda ko‘p abituriyentlar buxgalteriya yo‘nalishini tanlayapti, ammo bu kasb kelajakda sun’iy intellekt tomonidan avtomatlashtiriladi.
Bu haqda u “Ukraina radiosi”ga bergan intervyusida aytib o‘tdi. Vinnitskiyning ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili “hisob va soliqqa tortish” yo‘nalishiga kirgan talabalarining 91 foizi to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan va ularning aksariyati ishga joylashishda muammolarga duch kelishi mumkin.
“Bizda ko‘pchilik buxgalteriya yo‘nalishiga topshirmoqda. Bu, menimcha, juda xavfli yo‘nalish. Chunki hisob-kitob va hisobotga oid barcha ishlar osonlik bilan avtomatlashtiriladi. ‘Hisob va soliqqa tortish’ yo‘nalishiga talab bor, lekin o‘tgan yili bu yo‘nalishda o‘qiyotgan talabalarining 91 foizi o‘qish uchun o‘zlari to‘lov qilgan. Afsuski, o‘tgan yilgi uch mingga yaqin abituriyentni ish bilan ta’minlashda muammolar bo‘lishi mumkin”, – dedi u.
Eslatib o‘tamiz, Ta’lim va fan vazirligi 2025-yilda ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha byudjet o‘rinlari sonini ko‘paytirishni rejalashtirmoqda. Xususan, mamlakatni tiklash bilan bog‘liq sohalar, tibbiyot, psixologiya, terapiya va reabilitatsiya yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratiladi. Bu sohalar urush faxriylari uchun muhim hisoblanadi, biroq malakali mutaxassislar yetishmaydi.
Shuningdek, davlat ta’lim tizimini tiklash zarurati mavjud, chunki o‘qituvchilik kasbini tanlayotgan yoshlar soni kamayib bormoqda.
Bundan tashqari, katta davlat buyurtmasi arxitektura, qurilish, transport texnologiyalari, muhandislik yo‘nalishlari kabi infratuzilma va tiklanish bilan bog‘liq sohalarga ajratilishi rejalashtirilgan. Ro‘yxatga tabiiy fanlar ham kiritilgan — davlat fizika, kimyo va matematika kabi sohalarda ham mutaxassislarga ehtiyoj sezmoqda.
