Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 2024-2025-o‘quv yilini yakunlash hamda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini tashkil etish to‘g‘risida 21-may kuni 592-xdfu xati imzolagan edi.
Vazirlikning ko‘rsatma xatida maktab rahbariyati, sinf rahbarlari hamda o‘quvchilar ota-onalarga restoran, kafe va xonadonlarda “Bitiruv oqshomlari”ni o‘tkazmaslik, turli maqsadlar uchun pul yig‘maslik to‘g‘risida tushuntirish va qat’iy ogohlantirish berilgan.
Maktablarga “Bitiruv oqshomlari”ni o‘tkazmaslik bo‘yicha vazirlik tomonidan qat’iy ko‘rsatma berilgan bo’lsada, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda kunning kechki vaqtida “Bitiruv oqshomlari” o‘tkazilgani haqida xabar tarqaldi.
“Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga qarashli maktablarda “Bitiruv oqshomlari” kechki payt katta dabdaba bilan, estrada yulduzlari ishtirokida nishonlanmoqda. Ixtisoslashtirilgan maktablarda olingani aytilayotgan videolarda katta ekranda “Prom night-2025” (“Bitiruv kechasi-2025”) yozuvini hamda agentlik logotipini ko‘rish mumkin”, – deb yozmoqda ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov.
Jalilovning postidagi izohlarda “PIMA” (Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi) tarkibidagi mashhur maktablardan birida bitiruv tadbiri ertalab soat 8:00 dan kechki soat 23:00 gacha davom etgan. Unda 19:00 dan keyin “diskoteka” boshlangan va o‘quvchilar soat 23:00 da uylariga qaytgani yozilgan.
«Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga qarashli maktablarda «Bitiruv oqshomlari» kechki payt katta dabdaba bilan, estrada yulduzlari ishtirokida nishonlanmoqda. Ixtisoslashtirilgan maktablarda olingani aytilayotgan videolarda katta ekranda «Prom night-2025» («Bitiruv kechasi-2025») yozuvini hamda agentlik logotipini ko’rish mumkin. Oldingi yillarda ham agentlik maktablari «Bitiruv kechalari» umumta’lim maktablariga izn berilmaydigan dabdaba bilan nishonlangan edi», – deydi Komil Jalilov.
Xabarlarga ko’ra, 2023-yilda ham vazirlik tomonidan oddiy maktablarga “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini 40 daqiqadan oshirmaslik haqida ko‘rsatma bergan, ammo Prezident maktabi bitiruvchilari uchun esa 3 kunlik “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari tashkil etilgan. Ushbu holat jamoatchilikning keskin e’tirozlariga sabab bo‘lgan.
«Bizning e’tirozimiz bunday tadbirlarning o‘tkazilishiga emas, balki bunday tadbirlar o‘tkazishga ayrim maktablar uchun ruxsat etilib, oddiy maktab o‘quvchilari uchun taqiq qo‘yilganida.
Bu holat ta’lim tizimida tenglik tamoyiliga zid bo‘lib, ikki xil yondashuv – ya’ni ixtisoslashtirilgan va oddiy maktablar o‘rtasida tabaqalanish keltirib chiqaradi.
Ta’lim sohasida barcha o‘quvchilar, qaysi turdagi maktabda o‘qishidan qat’i nazar, teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishi kerak. Agar vazirlik “Bitiruv oqshomlari” mutlaqo o‘tkazilmasligi kerak deb hisoblasa, u holda bunday tadbirlar barcha maktablar uchun birdek taqiqlanishi kerak. Aks holda, bu qarorlar oddiy maktab o‘quvchilarini kamsitish hisoblanadi», – deydi Ulug’bek Po’latov.
Mazkur holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan izoh kutib qolamiz.
