Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bu yil “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirini o‘tkazish haqidagi ko‘rsatma xati imzoladi. Bu haqda xalqtaliminfo.uz o’z manbasiga tayanib xabar bermoqda.
2025-yil 21-may kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 2024-2025-o‘quv yilini yakunlash va “Ilm – eng buyuk sharaf!” shiori ostida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini tashkil etish to‘g‘risida 592-xdfu xati imzolandi.
Vazirlikning ushbu ko‘rsatma xatida aytilishicha, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 20-may kungi VM-21/25-93-sonli bayoniga asosan tashkil etilmoqda.
Ushbu ko‘rsatmada umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini joriy yilning 24-may kuni ertalab soat 8:00 dan 9:00ga qadar tashkil etish belgilangan.
Shuningdek, ko‘rsatmada quyidagilar nazarda tutilgan:
– tadbirlar davomida namunali xulqli va a’lo baholarga o‘qigan iqtidorli o‘quvchilarni rag‘batlantirish, o‘quvchilarning ota-onalariga “Minnatdorchilik xat”larini topshirish;
– tadbirlarni xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda maktab hovlisidagi soya, salqin va ochiq maydonlarda tashkil etish;
– maktab rahbariyati, sinf rahbarlari hamda o‘quvchilar ota-onalarga restoran, kafe va xonadonlarda “Bitiruv oqshomlari”ni o‘tkazmaslik, turli maqsadlar uchun pul yig‘maslik to‘g‘risida tushuntirish va qat’iy ogohlantirish berish.
Shu bilan birga joriy yil 24-30-may kunlari barcha hududlarda “Xayr bog‘cha – salom maktab!” shiori ostida maktabgacha ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari uchun bog‘chalarda tantanali bayram tadbirlarini tashkil etish belgilangan.
