Vazirlik OTM larga xususiy firma bilan hamkorlikni tavsiya qildi (mi)?

Vazirlik OTM larga xususiy firma bilan hamkorlikni tavsiya qildi (mi)?

Ijtimoiy tarmoqlarda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari nomidan barcha davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalariga yuborilgan rasmiy xat nusxasi tarqaldi.

 

 

Ushbu hujjatda “Media Affairs” MCHJga qarashli “Platina.uz” sayti hamda “Masofatalim” va “Pressuzb” Telegram kanallari bilan tijoriy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tavsiya etilgani bildirilgan.

 

Tijoriy taklif OTM zimmasiga ortilgan yuk (mi)?

 

Nashr etilgan xabarlarda, ayrim foydalanuvchilar OTM matbuot kotiblarining oyligi past bo‘lgan sharoitda ulardan pullik asosda hamkorlik talab qilinayotgani haqida tanqidiy fikrlar bildirgan.

 

 

OTM vakillarining murojaatiga ko’ra, shundoq ham oliy ta’lim sohasidagi yangiliklarni beminnat va beg’araz yoritilayotgan bo’lishiga qaramay, endilikda bunga ham mablag’ ajratilishi ko’pchilikning nafsoniyatiga tega boshlagan.

 

«1 mln 900 so’m oylik berishadi, moddiy texnik baza yoki qo’shimcha shtatlar uchun mablag’ ajratilmaydi. Qo’limizdagi telefon bilan universitetda «rasmchi» degan nomdan ortig’iga erishmagan biz kabi matbuot kotiblarini oyligini ko’tarish o’rniga endi pul to’lab tadbirlarni yoritishimizni aytayotganlari g’azabimizni keltirmoqda. Undan ko’ra kunimizga arang yetadigan oylik maoshni ko’tarishsa bo’lmaydimi?» – dedi davlat OTMlaridan birining matbuot kotibi.

 

Shuningdek, ‘‘Nodavlat oliy ta’lim muassasalari’’ kanali bu borada quyidagicha savollarni qoldirdi:

 

1. Ta’lim sohasida ustun mavqega ega bo’lgan tashkilotning o’z tasarrufidagi muassasalarga soha yuzasidan tijoriy hamkorlik o’rnatish bo’yicha tavsiya berilishi qanchalik to’g’ri?

2. Nega aynan «Media Affairs» MCHJ bilan tijoriy hamkorlik tavsiya etilyapti, muqobil bir nechta takliflar ham ko’rsatilmayapti?

3. Bu yerda axborot monopollashishi, manfaatlar to’qnashuvi va boshqa qonun buzilishi holatlari yuzaga kelmayaptimi?

 

“Masofatalim” kanali ushbu holatga munosabat bildirar ekan, har qanday tadbirkorlik subyekti tijoriy taklif yuborishga haqli ekanini ta’kidlab, tarqatilgan postlar subyektning ishchanlik obro‘siga putur yetkazayotgani haqida bayonot berdi. Kanal vakillari holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilinishi mumkinligini ma’lum qildi.

 

Vazirlik OTM larga xususiy firma bilan hamkorlikni tavsiya qildi (mi)?

Vazirlik OTM larga xususiy firma bilan hamkorlikni tavsiya qildi (mi)?

 

Vazirlik iddaolarni rad etdi

 

Vaziyatga izoh bergan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzova tarqalgan ma’lumotlarni asossiz deb atadi. Unga ko‘ra, bunday murojaatlar vazirlikka odatiy tartibda, elektron hujjat aylanish tizimi orqali kelib tushadi va belgilangan huquqiy asosda ko‘rib chiqiladi.

 

“Media Affairs” MCHJ tomonidan vazirlikka oliy ta’limdagi islohotlarni yoritish, piar materiallar chop etish va axborot-tahliliy hamkorlik bo‘yicha taklif kelib tushgan. Bu taklifga javoban, vazirlik tomonidan oliy ta’lim muassasalariga tavsiyaviy mazmundagi xat yuborilgan. Unda tijoriy shartnoma tuzish bo‘yicha hech qanday buyruq yoki majburiyat belgilanmagan, — dedi Abduqunduzova.

 

Vazirlik bayonotida aytilishicha, bu kabi xatlar birgina “Media Affairs” MCHJ bilan cheklanmaydi. Obuna mavsumlarida boshqa bosma nashrlar ham shunga o‘xshash takliflar bilan murojaat qiladi va ular ham xuddi shu tartibda ko‘rib chiqiladi.

 

 

Axborot resurslari bilan hamkorlik qilish yoki qilmaslik masalasi har bir oliy ta’lim muassasasining ichki siyosati va moliyaviy imkoniyatlariga bog‘liq.

 

 

Vazirlik barcha rasmiy murojaatlarni bir xil tartibda ko‘rib chiqishini, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilmasligini va axborot ochiqligi, raqobat hamda shaffoflik tamoyillariga qat’iy amal qilinishini ta’kidladi.

 

 

Bayonotda, shuningdek, barcha axborot vositalaridan mas’uliyat bilan yondashish, jamoatchilikdan esa faqat rasmiy manbalar asosida xulosa chiqarish so‘ralgan.