Baholarni oʻz vaqtida qoʻymaydigan oʻqituvchilarga qanday chora koʻrish mumkin?

Baholarni oʻz vaqtida qoʻymaydigan oʻqituvchilarga qanday chora koʻrish mumkin?

Mehnat kodeksining 313-moddasi uchinchi qismida intizomiy jazo chorasini qoʻllashda sodir etilgan qilmishning ogʻir-yengilligi, uning sodir etilishi holatlari, xodimning avvalgi ishi va xulq-atvori hisobga olinishi belgilangan.

 

 

Shunga koʻra, o‘qituvchi baholarning oʻz vaqtida qoʻyilmasligi, bu mehnat intizomini buzish hisoblanishi mumkin. Intizomiy taʼsir chorasi xodim haqiqatda oʻz mehnat majburiyatlarini bajarmaganda qoʻllaniladi.

 

 

Bunda Mehnat kodeksining 312-moddasiga muvofiq mehnat intizomini buzganligi uchun ish beruvchi xodimga quyidagi intizomiy jazo choralarini qoʻllashga haqli:

 

– hayfsan;

 

– oʻrtacha oylik ish haqining oʻttiz foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda jarima. Ichki mehnat tartibi qoidalarida xodimga oʻrtacha oylik ish haqining ellik foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda jarima solinishi hollari nazarda tutilishi mumkin.

 

– mehnat shartnomasini bekor qilish.

 

Ya’ni xodim mehnat intizomini buzganda unga yuqoridagi taʼsir choralaridan biri qoʻllaniladi. Bunda xodim sodir etgan qilmish uchun faqat bitta intizomiy taʼsir chorasi qoʻllashi mumkin.

 

Aytish kerakki, bunda xodimga yuqoridagi intizomiy taʼsir choralari navbatma-navbat qoʻllanilmaydi. Mehnat intizomini buzishning darajasiga qarab ish beruvchi yuqoridagi choralardan birini tanlashga haqli.

 

Bundan tashqari xodim bunday holatda birinchi marta ogohlantirilishi talab etilmaydi. Bunda ushbu kodeks 313-moddasi qoidalariga rioya qilish talab etiladi.

 

Yaʼni ish beruvchi xodimdan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilguniga qadar yozma tushuntirishni talab qilishi, shu jumladan, agar intizomiy qilmish xizmat tekshiruvi natijalariga koʻra aniqlangan boʻlsa, talab qilishi shart.

 

Xodimning yozma tushuntirish taqdim etishni rad etganligi intizomiy jazo chorasi qoʻllanilishi uchun monelik qilmaydi va hozir boʻlgan guvohlar koʻrsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.

 

Qoidaning mazmuniga koʻra, pedagogdan birinchi galda tushuntirish xati olinishi kerak. Agar o‘qituvchi tushuntirish xati yozishdan bosh tortsa, holat boʻyicha dalolatnoma rasmiylashtirilishi kerak bo’ladi.

 

Shundan soʻng ish beruvchining xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi buyrugʻi qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida, xodim ishda boʻlmagan vaqt hisobga olinmasdan, unga jazoning sabablari koʻrsatilgan holda imzo qoʻydirib eʼlon qilinadi.

 

Agar bu qoidalarga rioya qilinmagan boʻlsa, unda intizomiy taʼsir chorasi notoʻgʻri qoʻllanilgan bo’ladi. Bunda xodim tuman adliya boʻlimiga shikoyat qilishi mumkin.