Bugun, 15-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab taʼlimi yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yig’ilishda chetda oʻqiyotgan o’zbek yoshlarining atigi 1 foizi “Top-100”dagi oliygohlarga kirgani koʻrsatib oʻtilgan. Vaholanki, “Top-10” bilan “Top-200”dagi taʼlim narxi bir biridan atigi 15-20 foizga farq qiladi.
“Yoshlarimiz juda iqtidorli. Ularni tizimli yoʻnaltirib, oliygoh tanlashga koʻmaklashib, maqsadli tayyorlashni yoʻlga qoʻysak boʻldi, koʻrsatkichlarimiz karrasiga oshadi”, – dedi Prezident.
Davlat rahbari “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturini boshlash va “Garvardchilar maktabi”ni ochish boʻyicha katta farmon imzolaganini aytib o’tgan.
Ma’lum bo’lishicha, bu muassasa Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab sifatida tashkil etiladi. Bu yil 8-sinf bitiruvchilaridan 60 nafari saralab olinib, xalqaro maktabda “Top-10” oliygohlariga maqsadli tayyorlanadi.
Bundan tashqari, Prezident va ixtisoslashgan maktablardan 208 nafar maslahatchi umumtaʼlim maktablariga biriktiriladi.
Milliy dastur asosida maslahatchilar maktablardan har yili eng salohiyatli 3 ming oʻquvchini tanlab olib, AQSHning Garvard, Yel, Kolumbiya, Kornel kabi oliygohlariga tayyorlaydi.
