Mukofot qiymati 525 million soʻm bo’lgan “Yil oʻqituvchisi” koʻrik tanlovining birinchi bosqichi gʻoliblari 2025-yil avgust-dekabr oylarida oʻtkaziladigan toifa testlari natijasida aniqlanadi.
Hukumat qarori bilan tasdiqlangan Nizomga koʻra, “Yil oʻqituvchisi” tanlovida oliy yoki birinchi malaka toifasiga hamda kamida 5-yillik pedagogik stajga ega, asosiy shtatda faoliyat yuritayotgan fan yoki boshlangʻich sinf oʻqituvchisi ishtirok etishi mumkin.
Tanlov uch bosqichda oʻtkaziladi:
birinchi bosqichda — nomzodlarning mutaxassislik fani, pedagogik mahorati va kasb standarti boʻyicha nazariy bilimlari baholanadi;
ikkinchi bosqichda — nomzodlarning pedagogik mahorati baholash mezonlari asosida hakamlar hayʼati hamda pedagoglar tomonidan baholanadi. Bunda nomzod oʻtgan darsning videoyozuvi baholash uchun maxsus platformaga joylashtiriladi;
uchinchi bosqichda — nomzodlarning maʼnaviy-maʼrifiy faoliyati hamda kitobxonligi baholanadi.
Tanlov yakunlariga koʻra, har ikki yilda bir marta oktyabr oyida gʻolib deb topilgan har bir nomzod reyestri Vazirlik tomonidan yuritiladigan hamda Vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladigan QR-kodli sertifikat bilan taqdirlanadi.
Ushbu sertifikat asosida gʻoliblar Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri jamgʻarmasiga qoʻshimcha ajratilgan mablagʻlarni qayta taqsimlash hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravariga teng pul mukofoti (taxminan 40 ming AQSH dollari) bilan taqdirlanadi.
Endilikda, toifa testlarida )pedagoglar attestatsiyasi) qayd etilgan yuqori natijalar orqali quyidagi imkoniyatlarga ega boʻlish mumkin:
1. Amaldagi malaka toifasini oshirish yoki tasdiqlash ( bu orqali keyingi besh yil davomida majburiy attestatsiyadan ozod qilinish hamda yuqori toifa boʻyicha oylik olish).
2. Keyingi 2-yil davomida 70 foizlik ustama olish ( agarda 86 va undan yuqori ball toʻplab Oliy yoki birinchi toifa olinsa yoki saqlansa).
3. Vazir jamgʻarmasidan toʻlab beriladigan ustamalar (57 mln.soʻmdan ortiq) uchun oʻtkaziladigan saralashning birinchi bosqichidan oʻtgan hisoblanish ( bu uchun esa oʻz fani boʻyicha oʻtkazilgan toifa testlarida oʻz tumanida oʻz yoʻnalishi boʻyicha 1-9 oʻrinlarda boʻlish).
4. “Yil oʻqituvchisi” koʻrik tanlovining birinchi bosqichidan oʻtgan hisoblanish (bu uchun esa toifa testlarida oʻz tumanidagi barcha oʻqituvchilar orasida 1-3 oʻrinlarda boʻlish).

