«O‘g‘rilik va firibgarlik ko‘paygan»: OTMlarda jinoyatchilik statistikasi eʼlon qilindi

«O‘g‘rilik va firibgarlik ko‘paygan»: OTMlarda jinoyatchilik statistikasi eʼlon qilindi

29-aprel kuni Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan ta’lim muassasalarida yoshlar bilan ishlash, o‘quvchilar tarbiyasi, ular o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish oʻtkazilgan.

 

 

Yig‘ilishda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yil davomida oliy ta’lim muassasalari talabalari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 335 tani tashkil qilgan.

 

Eng ko‘p holatlar davlat oliy o‘quv yurtlarida (179 ta) va nodavlat oliygohlarda (140 ta) qayd etilgan. Jinoyatlarning asosiy qismini firibgarlik (72 ta), o‘g‘rilik (57 ta), tan jarohati yetkazish (46 ta) va bosqinchilik (41 ta) tashkil etgan.

 

Joriy yilning birinchi uch oyida yoshlar tomonidan jami 335 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ularning 16 tasi xorijiy, 140 tasi nodavlat, 179 tasi davlat universiteti talabalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

 

Tadbir davomida 2025-yil boshida 63 ta oliy ta’lim muassasasida o‘tkazilgan profilaktik inspeksiya natijalari ham e’lon qilindi. 51 ta OTMda ichki ishlar xodimlari faoliyat yuritmoqda, ularning 34 tasi nodavlat, 16 tasi xorijiy ta’lim muassasalaridir.

 

Mutasaddi tashkilotlar tomonidan oliy ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan 1091 ta tarbiyachi shtati mavjud ekani, ulardan 1037 nafari faoliyat yuritayotgani va qamrov darajasi 95 foizga yetgani bildirildi. Ayni paytda 24 ta xususiy va 16 ta xorijiy oliygohda tarbiyachi faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan.