Yangi tadqiqotlarga ko‘ra, smartfonlar o‘smirlarni yanada tajovuzkor qilmoqda, voqelikdan uzoqlashtirmoqda va gallyutsinatsiyalarga olib kelmoqda.
Sapien Labs tomonidan AQSH va Hindistondagi 13 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 10,500 nafar o‘smir o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, olimlar «inson qanchalik erta yoshda telefondan foydalana boshlasa, u shunchalik ko‘p psixologik muammolarga duch kelish ehtimoli yuqori bo‘ladi» degan xulosaga kelishgan.
Sapien Labs tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda 13 yoshlilarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i tajovuzkorlikni his qilishini, beshinchisi esa gallyutsinatsiyalarni boshdan kechirishini aytgan.
«Ularning raqamli dunyosi nima haqiqiy va nima haqiqiy emasligini farqlash qobiliyatiga putur yetkazishi mumkin. Bu boshqacha nom bilan atalgan gallyutsinatsiyadir», – deb tushuntiradi Kardaras.
Olimlarning fikricha, ekran vaqti aslida miya rivojlanishini ham, ijtimoiy rivojlanishni ham to‘xtatib qo‘yadigan toksin vazifasini bajaradi. Bolaga qurilma berilganda qanchalik yosh bo‘lsa, keyinchalik ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolar ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi.
«Yoshlar ongi: o‘sib borayotgan tajovuzkorlik va g‘azab» mavzusida so‘rov o‘tkazilgan. Sapien Labs ma’lumotlar bazasidagi katta avlod vakillariga qaraganda s‘smirlar ancha yomon ahvolda bo’lgan. Eng kichik yoshdagilar katta yoshdagi tengdoshlariga qaraganda tajovuzkorlik, g‘azab va gallyutsinatsiyalardan ko‘proq aziyat chekishgan.
Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish tajovuzkorlikning kuchayishi, g‘alati fikrlar, voqelikdan uzoqlashish va gallyutsinatsiyalar bilan bog‘liqligi aniqlandi. Tadqiqotga ko‘ra, yoshlikdan smartfonlarga ta’sir qilish ruhiy salomatlik bilan bog‘liq ko‘plab muammolarga olib keladi va olimlarning ta’kidlashicha, oqibatlar yanada yomonlashmoqda.
13 yoshgacha bo’lganlarning 37 foizi tajovuzkorlik haqida xabar bergan bo‘lsa, 17 yoshdagilarning 27 foizi tajovuzkorlikni boshdan kechirgan. Qo‘rqinchlisi shundaki, 13 yoshlilarning 20 foizi gallyutsinatsiyadan aziyat chekishini aytsa, 17 yoshlilarning 12 foizi shunday degan.
«Hozirgi 17 yoshli bolalar odatda 11 yoki 12 yoshida telefon olgan bo‘lsa, bugungi 13 yoshli bolalar 10 yoshida telefon olgan», – deyiladi hisobotda.
Respondentlar, shuningdek, o‘zlariga zarar yetkazishi mumkinligini ham aytgan. 13 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan amerikalik qizlarning 42 foizi va o‘g‘il bolalarning 27 foizi o‘z joniga qasd qilish fikrlari bilan bog‘liq muammolarni tan olgan.
So‘rovda qatnashgan o‘smirlarning aksariyati umidsizlik, aybdorlik hissi, tashvish va keraksiz g‘alati fikrlar borligini ta’kidlagan. 40 foizdan ortig‘i voqelikdan uzoqlashish hissi, kayfiyatning o‘zgarishi, o‘zini chetga olish va travmatik xotiralar haqida xabar bergan.
Tadqiqotchilar, shuningdek, telefonlar bolalarni jamiyatdan uzoqlashtirishi haqida ogohlantirgan. Sapien Labs bosh ilmiy xodimi Tara Thiagarajan The Post nashriga shunday dedi: «Qo‘lingizda telefon bo‘lsa, shaxsiy muloqotga kamroq vaqt sarflaysiz va shaxsiy muloqot qanchalik kam bo‘lsa, haqiqiy ijtimoiy tuzilmaga shunchalik kamroq qo‘shilasiz. Siz endi yuz minglab yillar davomida odamlar o‘rtasida o‘rnatilgan aloqaga ega emassiz».
«Glow Kids» muallifi Kardaras ham tajovuzkorlik telefon ishlatish bilan bog‘liq bo‘lganidan hayron bo‘lmagan. U Ostindagi Omega Recovery texnologik qaramlikdan davolanish markazini boshqaradi. U yerda o‘smirlar ko‘pincha telefonlarini olib qo‘ygan ota-onalariga zo‘ravonlik bilan hujum qilganidan keyin qabul qilinadi.
Mamlakat bo‘ylab bolalar ham qurilmalari musodara qilinganidan keyin maktab o‘qituvchilariga hujum qilgan. Hatto Tennessi shtatidagi bir o‘quvchi qiz uning uyali telefonini olib qo‘yganidan keyin o’qituvchisiga qalampir sepgan.
Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, ruhiy salomatlikning doimiy ravishda yomonlashuviga sabab bolalarga elektron qurilmalar juda erta yoshdayoq berilmoqda. Hatto bugungi kunda go‘daklarga iPad yoki ota-onalarining iPhone’laridan foydalanish imkoniyatini berish odatiy holga aylanib qolgan.
Ma’lumot uchun, 24-aprel kuni Namangan viloyati Davlatobod tumanida 38 yoshli ayol yashash xonadonida 14 yoshli o‘g‘li tomonidan kaltaklandi. Bunga sabab esa, ona bolaning buzilgan uyali telefonini ta’mirga berilmay, tashlab yuborilganligi tufayli o’g’il onasini urgan. Nizoni, ayolning onasi, bolaning buvisi X.A. to‘xtatishga uringanida bola buvisiga ham qo‘l ko‘targan. Bildirilishicha, bola xulqidagi mazkur salbiy holat yuzasidan tuman mutasaddilari tegishli choralar ko‘rmoqda.
