Bolalar taʼlim-tarbiyasiga oid majburiyatlar bajarilmaganda Milliy gvardiya xodimi jazo qoʻllay oladimi?

Bolalar taʼlim-tarbiyasiga oid majburiyatlar bajarilmaganda Milliy gvardiya xodimi jazo qoʻllay oladimi?

2025-yil 7-fevralda kuchga kirgan “Voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. 

 

 

Shuningdek, Prezidentning 2024-yil 5-fevraldagi qarori bilan Ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixolog lavozimlari Milliy gvardiya tuzilmasiga oʻtkazildi.

 

 

Mazkur qarorga muvofiq, Milliy gvardiya tashkiliy tuzilmasida Bolalar bilan ishlash boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari, shu jumladan, bolalar bilan ishlash boʻyicha katta inspektor-psixologlar va inspektor-psixologlar lavozimlari joriy etildi.

 

 

Ushbu boʻlinmalarga maktablarda axloqiy-psixologik muhitni yaxshilash, oʻquvchilar oʻrtasida nazoratsizlikni keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash vazifasi yuklangan.

 

 

Shu bilan birga, ular oʻquvchilarda vatanparvarlik tuygʻusini shakllantirish, ularda qonunbuzilishlarga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlish hissini qaror toptirishga qaratilgan ishlarni olib borishi zarur.

 

 

Muammoli oʻquvchilar bilan ularning yashash joylarida ota-onalari ishtirokida manzilli ishlashi, shuningdek, oʻquvchilarning darslarga qatnashish davomatini yaxshilashi, eng asosiysi, “xavfsiz maktab” konsepsiyasi misolida maktablarda xavfsizlikni taʼminlash uchun tegishli chora-tadbirlar koʻrishi kerak.

 

 

Yangi tashkil etilgan lavozimlarda xizmat qiluvchi shaxslarga, shu jumladan, bolalar bilan ishlash boʻyicha katta inspektor-psixologlar va inspektor-psixologlarga ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologlarining qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlarini berish zarurati yuzaga kelgan.

 

 

Ma’lumotlarga ko’ra, Milliy gvardiyaning inspektor-psixologlari fevral oyidan hozirgi kunga qadar Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-moddasi birinchi qismida (Bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) nazarda tutilgan 44 ming 450 huquqbuzarlikni aniqlagan.

 

 

Bu holatlar boʻyicha ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari orqali maʼmuriy jazo choralari qoʻllanilgan. Ota-onalar tomonidan farzandlarini maktabga yubormaslik holatlari boʻyicha 175 mingga yaqin ogohlantirish xatlari yozilgan.

 

 

Bugungi kunda 1 nafar inspektor-psixologga maktablardagi bola sonidan kelib chiqib 3 tadan 10 tagacha maktab toʻgʻri keladi.

 

 

Biroq, inspektor-psixologlar tomonidan voyaga yetmagan huquqbuzarlarning ota-onalariga nisbatan maʼmuriy jazo choralarini qoʻllash uchun profilaktika inspektorining oldiga olib borib, maʼmuriy jazo choralari qoʻllashi inspektor-psixologlarning ish samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatib, ortiqcha vaqt sarflashiga ham sabab boʻlgan.

 

 

Shu bois, Milliy gvardiya tomonidan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida xizmat qiluvchi voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologlari faoliyatida qonuniylikni taʼminlash, shuningdek, maktablarda psixologik muhitni yaxshilash, voyaga yetmaganlar orasida qonunbuzilishlarga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlish hissini shakllantirish, muammoli oʻquvchilar bilan ularning yashash joylarida ota-onalari ishtirokida manzilli ishlash vazifalarini samarali amalga oshirish uchun zarur shart-sharoit yaratish maqsadida mazkur qonun ishlab chiqilgan.

 

 

 

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 248 va 248-1-moddalariga Milliy gvardiya organlariga, shu jumladan, Milliy gvardiyaning voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologlari va katta inspektor-psixologlariga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-moddasi birinchi qismida (Bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik), 561-moddasida (Jamoat joylarida tamaki mahsulotini isteʼmol qilish), 187-moddasining birinchi qismida (Jamoat joylarida alkogol mahsulotini isteʼmol qilish) va 188-moddasida (Voyaga yetmagan shaxsni gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish hamda maʼmuriy jazo choralarini qoʻllashga doir vakolatlar berildi. Mazkur vakolatlar ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologlaridan chiqarib tashlandi.