«O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zosi bo‘lgan talabalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risida»gi nizomda oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalarning kontrakt to’lovining 35 foizini to’lab berilishi belgilangan.
Unga ko’ra, to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalar Ittifoqning oliy ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkiloti faoliyatida faol qatnashgan taqdirda Ittifoq tomonidan moddiy qo‘llab-quvvatlanadi.
Kimlarga moddiy yordam beriladi?
– bakalavriat va magistratura bosqichlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishning kunduzgi bo‘limida tahsil olayotgan talabalarga;
– Davlat komissiyasining qarori asosida qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosida bakalavriat bosqichiga o‘qishga qabul qilingan talabalarga ikkinchi bosqichdan boshlab;
Shuningdek, talabalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash ular tomonidan shartnomada belgilangan to‘lov miqdorining 65 foizini belgilangan muddatlarda to‘lash sharti bilan amalga oshiriladi.
Eslatma! Quyidagi holatlarda talabalarga moddiy yordam berilmaydi:
– ikkinchi mutaxassislik, sirtqi va kechki ta’lim shaklida o’qiyotgan talabalarga;
– O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qism Qo‘mondonligining tavsiyanomasi asosida oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan va Ittifoq tomonidan moddiy yordam ko‘rsatilayotgan talabalarga.
Ushbu yordamga da’vogar talabalar qanday talablar asosida tanlab olinadi?
Moddiy qo‘llab-quvvatlashga tavsiya etilayotgan talabalardan quyidagilar talab etiladi:
– talabaning o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi o‘rganilayotgan davrda (birinchi bosqich talabalari uchun o‘quv yilining birinchi semestr natijalarini) 86 foiz va undan yuqori bo‘lishi lozim;
– Ittifoq va oliy ta’lim muassasasi faoliyatidagi ma’naviy-ma’rifiy va jamoat ishlarida Ittifoqning boshlang‘ich tashkiloti, mahalliy va hududiy Kengashlari, Ittifoqning Markaziy Kengashi tomonidan tashkil etiladigan loyiha va tadbirlaridagi faol ishtiroki;
– talabaning fan olimpiadalari va sport musobaqalaridagi natijalari;
– tashkilotchilik va yetakchilik qobiliyatlari;
– ilmiy va ijodiy faoliyati natijalari;
– oliy ta’lim muassasasida belgilangan ichki tartib-qoidalarga rioya etishi (talabaning oliy ta’lim muassasasida belgilangan ichki tartib-qoidalariga rioya etmaganligi yuzasidan faqat oliy ta’lim muassasasi rektori buyrug‘i asosida berilgan hayfsan Ittifoqning Yoshlar Kengashi tomonidan da’vogar talabani moddiy qo‘llab-quvvatlashni rad etish uchun asos sifatida qabul qilinadi).
Da’vogar talabalarning asosiy ko‘rsatkichlarini baholash mezonlari Ittifoqning Markaziy Kengashi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Moddiy qo‘llab-quvvatlashga saralash qachon bo’lib o’tadi?
Har yili 1-fevral kunidan kechikmagan holda Yoshlar Kengashi oliy ta’lim muassasasida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zosi bo‘lgan talabalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z faoliyatini boshlashi lozim.
10-fevral kuniga qadar mazkur Nizomning 2-bandida ko‘zda tutilgan talabalar Yoshlar Kengashiga Ittifoq tomonidan moddiy qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatilishini so‘rab ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega.
10-fevraldan 15-fevralga qadar Yoshlar Kengashi da’vogar talabalarning arizalarini ko‘rib chiqadi hamda moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun tavsiya etish bo‘yicha qaror qabul qiladi.
Ittifoqning Yoshlar Kengashi talabani moddiy qo‘llab-quvvatlashga tavsiya etish yoki rad etish huquqiga ega. Ariza rad etilgan hollarda, Yoshlar Kengashining tegishli majlisi bayonida uning sabablari ko‘rsatiladi.
Qanday holatlarda moddiy yordam puli qaytarilishi mumkin?
Talabalar safidan chiqarilgan yoki akademik ta’tilga chiqqan talaba o‘zining to‘lov-kontrakt asosida o‘qishi uchun to‘lagan mablag‘ini qaytarib olish huquqiga ega bo‘lgan hollarda moddiy yordam ko‘rsatish puli qayta hisob-kitob qilinishi va Ittifoqning Markaziy Kengashiga qaytariladi.
