2019-yil kechagina bo‘lib o‘tgandek, ammo oradan qariyb yetti yil o‘tdi. 2027-yil kirib kelishiga ham sanoqli haftalar qoldi. Ko‘pchilik pandemiyadan keyin oylar va yillar juda tez o‘tayotganini aytadi. Psixologlar bu holatni vaqtni idrok etish, xotira va insonning ruhiy holati bilan izohlaydi. Xo‘sh, ilmiy tadqiqotlar bu haqda nima deydi?
So‘nggi yillarda odamlar orasida ‘‘Vaqt qayerga ketyapti?’’, ‘‘Yillar nega bunchalik tez o‘tyapti?’’ ‘‘Karantindan keyin vaqt tezlashib ketdi’’ kabi savol va mulohazalar paydo bo‘ldi. Bu shunchaki odamlarning subyektiv taassurotimi yoki bunga ilmiy izoh bormi?
Psixologiyada insonning vaqtni qanday his qilishi ‘‘vaqtni idrok etish’’ (time perception) deb ataladi. Olimlarning tushuntirishicha, vaqtni his qilish faqat soat va taqvimga bog‘liq emas. Bunda diqqat, xotira, hissiyotlar, kundalik mashg‘ulotlar va ruhiy holat ham muhim rol o‘ynaydi.
Pandemiya davrida vaqt nega sekinlashgandek tuyulgan?
Avvalo COVID-19 pandemiyasi davriga qaytsak. U paytda odamlar vaqt sekinlashib qolganini juda ko‘p gapirishar edi. Aslida pandemiya insonlarning odatiy hayot tarzini keskin o‘zgartirdi. Karantin, oraliq masofa, masofaviy ish va ta’lim, sayohatlarning cheklanishi hamda yaqinlar bilan uchrashuvlar kamayishi kundalik hayot ritmiga qattiq ta’sir ko‘rsatdi. Bunday sharoitda vaqtni his qilish ham o‘zgargan. Ayrimlar kunlar juda sekin o‘tayotganini, boshqalar esa hafta kunlarini bir-biridan ajratish qiyinlashganini bildirgan.
AQSHdagi Kaliforniya universiteti tadqiqotchilari E. Alison Holman, Nickolas M. Jones, Dana Rose Garfin va Roxane Cohen Silver 5 661 nafar ishtirokchi ma’lumotlari asosida pandemiya davrida vaqtni idrok etishdagi o‘zgarishlarni o‘rgangan.
Tadqiqot 2020-yil mart–aprel hamda sentabr–oktabr oylarida o‘tkazilgan. Natijada ishtirokchilarning qariyb yarmi vaqt odatdagidan farqli o‘tayotganini bildirgan. Olimlar vaqtni idrok etishdagi bunday o‘zgarishlarni ruhiy salomatlik, avvalgi stress va og‘ir hayotiy tajribalar, pandemiyaga oid yangiliklarni ko‘p kuzatish hamda moliyaviy tashvishlar bilan bog‘lagan. Tadqiqotda bu hodisa «temporal disintegration», ya’ni vaqtni idrok etishdagi izdan chiqish tushunchasi orqali ham izohlangan.
Braziliyada 3 855 kishi ishtirokida tadqiqot o‘tkazilgan
2022-yilda Science Advances jurnalida Braziliyada o‘tkazilgan yana bir tadqiqot natijalari e’lon qilindi. André Mascioli Cravo va uning hamkasblari karantin vaqtni his qilishga qanday ta’sir ko‘rsatishini o‘rgangan.
Tadqiqotda 3 855 nafar kishi qatnashgan. Ular ijtimoiy masofa joriy etilganidan taxminan ikki oy o‘tib so‘rovnomani to‘ldirgan va keyingi 15 hafta davomida har hafta o‘z vaqt hissi haqida ma’lumot berib borgan. Natijalar dastlabki davrda vaqt odatdagidan cho‘zilib ketgandek tuyulganini, ammo haftalar o‘tishi bilan bu hissiyot kamayganini ko‘rsatgan.
Muhimi, tadqiqotchilar insonning vaqtni qanday his qilishi bilan muayyan vaqt oralig‘ini hisoblash qobiliyati bir xil jarayon emasligini aniqlagan. Ya’ni odam bir daqiqaning qancha davom etganini to‘g‘ri baholay oladi, ammo kunlar juda sekin yoki tez o‘tayotgandek tuyulishi mumkin.
Pandemiyadan keyin ham vaqt haqidagi tasavvur o‘zgarganmi?
Bu savolga javob izlangan tadqiqotlardan biri 2023-yilda PLOS ONE jurnalida chop etilgan. Fransiyalik olimlar Sylvie Droit-Volet va uning hamkasblari pandemiya boshlanganidan ikki yil o‘tib ham insonlarning vaqtni his qilishi va xotirasida qanday o‘zgarishlar borligini o‘rgangan. Tadqiqotchilar pandemiyaning turli bosqichlarida to‘plangan ma’lumotlarni 2022-yildagi so‘rov natijalari bilan taqqoslagan.
Ular ishtirokchilarning vaqt haqidagi baholari pandemiyagacha va undan keyingi davrga nisbatan farq qilishini aniqlagan. Xususan, pandemiya davri xotirada uzoq vaqt qolgan va sekinroq o‘tgandek baholangan.
Tadqiqotda yana bir muhim jihat kuzatilgan: pandemiya davriga oid shaxsiy xotiralar boshqa davrlarga nisbatan kamroq bo‘lgan. Ishtirokchilarning ruhiy holati esa vaqtni qanday baholashdagi farqlarning muhim izohlaridan biri sifatida qayd etilgan.
Miya vaqtni qanday his qiladi?
2024-yil 23-yanvarda Scientific Reports jurnalida Cyril Nicolaï, Maximilien Chaumon va Virginie van Wassenhove tomonidan olib borilgan tadqiqot e’lon qilindi. Tadqiqot natijalari vaqtning davomiyligini baholash va uning tez o‘tayotganini his qilish turli kognitiv jarayonlarga bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan. Shuningdek, karantin sharoiti ham vaqtni baholashga ta’sir qilgan.
Oddiy qilib aytganda, tadqiqot yakuni inson biror ishga butun diqqatini qaratganida vaqt qanday o‘tganini sezmay qolishi mumkin. Aksincha, zerikib, vaqtga e’tibor qaratib o‘tirganida bir necha daqiqa ham uzoq tuyuladi, degan xulosani yasagan.
Vaqtni idrok etishimizga yana bir qancha omillar ta’sir qiladi. Masalan:
- Bir xil kunlar: yangi taassurotlar kamayganda, kunlar bir-biriga o‘xshab qoladi.
- Axborot oqimi: telefon va ijtimoiy tarmoqlar diqqatimizni chalg‘itib, vaqt o‘tganini sezmay qolishimizga sabab bo‘lishi mumkin.
- Stress va charchoq: ruhiy zo‘riqish ham vaqtni his qilishimizga ta’sir qiladi.
Yosh ulg‘aygani sari vaqt tezlashgandek tuyuladi
Vaqt tezlashgandek tuyulishini faqat pandemiya bilan izohlab bo‘lmaydi. Yosh ulg‘ayishi bilan ham insonning vaqt haqidagi tasavvuri o‘zgarishi mumkin.
2024-yilda Young-Ju Ryu va uning hamkasblari Personality and Social Psychology Bulletin jurnalida insonlar o‘tgan hayot davrlarini nega tez o‘tgandek eslashini o‘rgangan tadqiqotini e’lon qildi.
Olimlar kundalik hayotdagi takroriylik, xotirada saqlanadigan voqealar va yosh o‘sishining vaqt haqidagi tasavvurga ta’sirini tekshirgan. Ikki dastlabki tadqiqotda 999 kishi, keyingi ikki tadqiqotda esa 965 kishi qatnashgan. Natijalar kundalik hayotdagi takroriylik ayrim holatlarda vaqtni tez o‘tgandek his qilish bilan bog‘liqligini ko‘rsatgan.
Xo‘sh, COVID-19 dan keyin vaqt haqiqatan tezlashdimi?
Yo‘q. Hozircha pandemiya insonlar uchun vaqtning fizik jihatdan tezlashishiga sabab bo‘lganini ko‘rsatuvchi ilmiy dalil yo‘q. Tadqiqotlar esa pandemiya davridagi karantin, zerikish, stress, ruhiy holat va kundalik hayotdagi o‘zgarishlar vaqtni his qilishga ta’sir qilganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, insonning o‘tgan yillarni qanday eslashi ham vaqtning tez yoki sekin o‘tgandek tuyulishida muhim ahamiyatga ega. Boshqacha aytganda, vaqt tezlashmagan. Ammo uni his qilishimiz va xotiramizda qayta tiklashimiz o‘zgargan bo‘lishi mumkin.
