Zomin Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi kompleks davlat akkreditatsiyasidan oʻta olmadi. Tashqi baholashda texnikumdagi taʼlim jarayoni, pedagoglar salohiyati va moddiy-texnik taʼminot bilan bogʻliq qator kamchiliklar aniqlangan.
Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan Zomin Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumida oʻtkazilgan tashqi baholash natijalari maʼlum qilindi. 1 170 oʻringa moʻljallangan texnikumda 9 ta taʼlim dasturi boʻyicha 1 485 nafar oʻquvchi ikki smenada tahsil olmoqda.
Baholash jarayonida 37 ta mezondan 20 tasi ‘‘muvofiq’’, 2 tasi ‘‘qisman muvofiq’’, 15 tasi esa ‘‘muvofiq emas’’ deb baholangan. Shuningdek, 7 ta yoʻnalishdan 6 tasi ‘‘muvofiq emas’’ deb topilgan.
Ekspertlar tomonidan texnikum faoliyatida bir qator kamchiliklar qayd etilgan:
- 1- va 2-kurslar boʻyicha dars jadvali, davomat va baholar Prof-EMIS platformasida yuritilmagan, 397 nafar oʻquvchining maʼlumotlari tasdiqlanmagan;
- ishchi oʻquv rejalar, dars jadvallari va pedagoglar yuklamasi taqsimoti tasdiqlanmagan;
- ayrim tibbiy fanlar mutaxassis boʻlmagan pedagoglarga yuklatilgan, 17 nafar oʻqituvchi oʻrta maxsus maʼlumotli;
- 8 ta tibbiy yoʻnalishdagi 1 356 nafar oʻquvchi uchun 1 ta laboratoriya mavjud;
- simulyatsion jihozlarning aksariyati eskirgan yoki ishlamaydi, 2023–2025-yillarda reaktivlar va xomashyo xarid qilinmagan;
- bitta yaroqli kompyuterga 18 nafar oʻquvchi toʻgʻri keladi.
9 ta taʼlim dasturining barchasi ‘‘muvofiq emas’’ deb baholangan:
- “Tibbiy radiologiya”da oliy maʼlumotli radiologiya mutaxassisi yoʻq, 32 ta ishchi dasturdan 18 tasi taqdim etilgan;
- “Hamshiralik ishi” va “Tibbiy profilaktika ishi”da pedagoglar yetishmaydi, ularning mutaxassisligi oʻqitilayotgan fanlarga mos emas;
- “Feldsherlik ishi”, “Stomatologiya ishi” va “Farmatsiya”da amaliyot uchun xomashyo va jihozlar yetarli emas.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan va texnikumga 6 oy muddat berilgan. Reja ijrosi Milliy agentlikning elektron platformasi orqali kuzatib boriladi.
Avvalroq, Shahrisabz shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi ham kompleks davlat akkreditatsiyasidan oʻta olmagan edi. O‘tkazilgan tashqi baholashda ta’lim jarayoni, pedagoglar va moddiy-texnik bazaga oid qator kamchiliklar aniqlangan.
