Farg‘onada chet elda ishlash istagidagi fuqarolarni Germaniya va Janubiy Koreya standartlari asosida kasbga tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Shuningdek, viloyatda yangi ta’lim muassasalarini barpo etish va mavjud ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha rejalar belgilandi.
26-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatida islohotlar natijadorligini oshirish, hududning iqtisodiy imkoniyatlarini ishga solish, aholi bandligi va daromadlarini ko‘paytirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda ta’lim, ilm-fan va malakali kadrlar tayyorlashga oid tashabbuslar ham ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, viloyatda yangi ta’lim muassasalarini barpo etish, mavjud ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish va zamonaviy ta’lim sharoitlarini yaratish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlari hamda Uchko‘prik tumanidagi to‘rtta texnikumda chet elda ishlash istagidagi fuqarolarni Germaniya va Janubiy Koreya standartlari asosida kasbga tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Mazkur tizim orqali xalqaro mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha yiliga 6 ming nafar fuqaroni xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tayyorlash ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, Farg‘ona shahrida innovatsion texnopark tashkil etish, “Eltexsanoat” texnoparki hududini qo‘shimcha 70 gektarga kengaytirish hamda Dang‘ara tumanida uning filialini ochish orqali innovatsion faoliyatni rivojlantirish rejalashtirilgan.
Sanoat tarmoqlariga ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish, innovatsion ishlanmalar hamda zamonaviy ishlab chiqarish yechimlaridan foydalanish ham ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, viloyatda yangi ta’lim va tibbiyot muassasalari, zamonaviy sport majmualarini barpo etish orqali ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha loyihalar ham ko‘rib chiqildi.
Prezident mas’ullarga yoshlarning zamonaviy bilim va kasblarni egallashi, xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda ilmiy yondashuvlarni iqtisodiyot tarmoqlariga keng tatbiq etish yuzasidan topshiriqlar berdi.
