HEMIS tizimining yangi versiyasida talabalar davomatiga oid ma’lumotlarni kim kiritganini ko‘rish, baholarni umumiy nazorat qilish va turli hisobotlarni Excel formatida yuklab olish imkoniyatlari qo‘shildi.
Tizimning yangi versiyasi oliy ta’lim tashkilotlariga taqdim etildi. Unga ko‘ra, HEMIS mas’ullari uchun bir qator yangi funksiyalar va qulayliklar joriy etildi.
Jumladan, endilikda talabaning sababli deb belgilangan dars soatlari tizimga kim tomonidan kiritilganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, davomat hisobotlarini ixtiyoriy sanalar oralig‘i yoki kunlik kesimda Excel formatida yuklab olish imkoniyati yaratildi.
Bundan tashqari, “Qaydnoma baholari” funksiyasi ishga tushirildi. U orqali barcha talabalarning fanlar bo‘yicha olgan baholarini ko‘rish, monitoring qilish va eksport qilish mumkin.
“Buyruqlar reestri” funksiyasi ham qo‘shildi. U oliy ta’lim tashkiloti bo‘yicha rasmiylashtirilgan buyruqlarni ko‘rish imkonini beradi.
Shuningdek, “Talabalar bazasi” va “Talabalar ro‘yxati” bo‘limlariga yangi filtrlar qo‘shilgan, kvota hujjatlari funksionali kengaytirilgan. Endilikda kvotaga oid hujjatlar bilan birga tahlil jadvallarini ham tayyorlab, vazirlikka taqdim etish mumkin.
Talabalarning pasport ma’lumotlarini davlat reyestri orqali tekshirish jarayoni ham takomillashtirilgan.
Yana bir o‘zgarishga ko‘ra, transkript hujjatini elektron raqamli imzo orqali dekan va registrator ofisi boshlig‘i tasdiqlashi mumkin.
Avvalroq HEMIS mobil ilovasi orqali grant olish uchun onlayn ariza yuborish, fanlar bo‘yicha apellyatsiya berish, elektron kutubxonadan foydalanish va boshqa xizmatlardan foydalanishlari mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
