Inklyuziv ta’lim va boshlang‘ich tayanch korreksion sinflar uchun maxsus pedagog yoki assistent-o‘qituvchi shtati Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasi asosida ajratiladi. Bunda har bir sinf uchun 1,0 birlik shtat belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktyabrdagi 638-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, nutqida og‘ir nuqsoni bo‘lgan, kar-soqov hamda aqliy rivojlanishida muammolari bo‘lgan o‘quvchilar bilan ishlash uchun 1,0 birlik maxsus pedagog ajratiladi.
Eshitish, ko‘rish, tutqanoq holati va tayanch-harakatida nuqsoni bor, mustaqil yura olmaydigan o‘quvchilar bilan ishlash uchun esa 1,0 birlik yordamchi xodim — assistent-o‘qituvchi shtati belgilanadi.
Bunda maxsus pedagogga ehtiyoji bo‘lgan bolalar bilan assistent-o‘qituvchiga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni bir sinfga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shtat ajratish uchun Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasi asos hisoblanadi.
Shuningdek, inklyuziv ta’lim sinflari va boshlang‘ich tayanch korreksion sinflarda faoliyat yuritayotgan maxsus pedagoglar hamda assistent-o‘qituvchilarga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda lavozim maoshining 50 foizi miqdorida ustama to‘lanadi.
Uyda yakka tartibdagi taʼlim kimlar uchun tashkil etiladi?
Uyda yakka tartibdagi taʼlim sogʻligʻi holati va tibbiy koʻrsatmalarga koʻra maktabga doimiy yoki vaqtincha qatnay olmaydigan bolalar uchun tashkil etiladi. Bunga uzoq vaqt davolanishga muhtoj bolalar ham kiradi. Belgilangan kasalliklar roʻyxatiga muvofiq tibbiy asos va tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi bolalarning uyda yakka tartibda taʼlim olishlari uchun asos hisoblanadi.
Buning uchun bolaning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs doimiy yashash joyidagi tuman yoki shahar davolash-profilaktika muassasasining tibbiy-maslahat komissiyasiga murojaat qiladi. Bolaning tibbiy ko‘rigi murojaat qilingan kundan boshlab uch kun ichida o‘tkaziladi. Tibbiy xulosa olti oyga yoki to‘liq o‘quv yiliga beriladi va ko‘rik o‘tkazilgan kuni ota-onaga taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun korreksion sinf tashkil etgan nodavlat ta’lim tashkilotlariga subsidiya ajratilishi haqida xabar berilgan edi.
