Maktab direktorlarining boshqaruv ko‘nikmalarini baholashga qaratilgan maxsus saralash jarayoni boshlandi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, eng yuqori ko‘rsatkich qayd etgan rahbarlar ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va malaka oshirish uchun chet davlatlariga yuboriladi.
Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi UNESCO bilan hamkorlikda maktab direktorlari uchun maxsus saralash jarayonini boshladi.
Ushbu tashabbus Islom taraqqiyot banki (IsDB), Islom birdamlik jamgʻarmasi (ISFD) va Taʼlim boʻyicha Global hamkorlik tashkiloti (GPE) tomonidan moliyalashtirilayotgan “SmartED” loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Buning uchun “Raqamli ta’lim” portalida “Maktab direktorining ish kitobi” turkumiga kiruvchi 10 ta ilmiy-metodik qo‘llanma joylashtirilgan. Ularda nazariy ma’lumotlardan tashqari, maktab rahbarlari boshqaruv jarayonida duch keladigan real vaziyatlar va ularning yechimlari yoritilgan.
Turkum quyidagi 10 ta yo‘nalishni qamrab oladi:
- Ta’lim mazmuni;
- Ta’limda tarbiya;
- Salomatlik va xavfsizlik;
- Kasbga yo‘naltirish strategiyasi;
- Innovatsion maktab;
- O‘qituvchi va pedagogik jamoa;
- Psixologik muhit;
- Raqamli ta’lim muhiti;
- Samarali maktab;
- Ta’lim keyslari.
Saralashda ishtirok etish uchun portalda direktor rolini tanlab, ro‘yxatdan o‘tish, yuqoridagi 10 ta qo‘llanmani o‘rganish va ular bo‘yicha testlardan o‘tish lozim.
Barcha 10 ta kitob bo‘yicha yakuniy testdan muvaffaqiyatli o‘tgan rahbarlarga sertifikat beriladi.
Eng yuqori natija ko‘rsatgan va boshqaruvda ilg‘or deb topilgan maktab direktorlari saralab olinadi. Ular xorijiy davlatlarda tajriba almashish va malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ro‘yxatdan o‘tish va ishtirok etish uchun: https://raqamlitalim.trm.uz/register
Foydalanish boʻyicha video yoʻriqnoma: https://raqamlitalim.trm.uz/#video
