Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi 36-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi tarix fani o‘qituvchisi Otaxonov Nurbek kuzgi attestatsiya sinovlarida 86 ball to‘pladi. O‘qituvchi attestatsiyaga mustaqil tayyorgarlik ko‘rgani, bunda kitob mutolaasi, vaqtni qadrlash va halol mehnat muhim o‘rin tutganini ta’kidlaydi.
Joriy yilning 26-oktyabridan pedagog kadrlarning kuzgi attestatsiya sinovlari boshlandi. Jarayon doirasida 12–13-noyabr kunlari tarix fani o‘qituvchilari ham sinovlarda ishtirok etdi. Ular orasida yuqori natija qayd etgan pedagoglardan biri — Amudaryo tumanidagi 36-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida faoliyat yuritayotgan Otaxonov Nurbek. To‘rt yillik ish tajribasiga ega o‘qituvchi attestatsiya sinovlarida jami 86 ball to‘pladi.
Nurbek Otaxonov attestatsiyaga maxsus kurslarda emas, mustaqil ravishda tayyorlangan. Uning fikricha, yuqori natijaga erishishda eng muhim omillardan biri — kitob o‘qish va mavzularni chuqur o‘zlashtirish.
“Shaxsan o‘zim yolg‘iz tayyorgarlik ko‘rdim. Eng muhimi, kitob o‘qish kerak. Mavzularni mustaqil o‘zlashtirdim. ‘‘Har soniyang g‘animat’’ shioriga amal qildim. Attestatsiya namunasidagi testlarni birin-ketin, erinmasdan, sabr bilan ishladim”, — deydi u.
O‘qituvchi kundalik faoliyatida ham kitob mutolaasiga alohida e’tibor qaratadi. Dars jarayonida o‘quvchilar bilan mavzuga oid va qo‘shimcha savol-javoblar o‘tkazadi. Uning fikricha, haqiqiy bilimning asosiy manbalaridan biri kitob hisoblanadi.
“Eng asosiysi, kitob o‘qishni birinchi o‘ringa qo‘yaman. Sababi haqiqiy bilimni kitobdan olganman. O‘quvchilarga ham shuni targ‘ib qilaman”, — deydi Nurbek Otaxonov.
U attestatsiya savollarining darajasini ham ijobiy baholaydi. O‘qituvchining fikricha, savollarning qiyin yoki osonligi ko‘p jihatdan pedagogning tayyorgarligiga bog‘liq.
“Savollar darajasi zo‘r, juda yaxshi. O‘qiganga har doim oson bo‘lgan, o‘qimaganga har doim qandaydir bahona topiladi. Bu yerda ‘‘oson’’ yoki ‘‘qiyin’’ so‘zlari mutlaqo nisbiy tushunchalar hisoblanadi”, — deydi u.
Imtihon paytidagi hayajon haqida gapirar ekan, Nurbek Otaxonov 1 soat 30 daqiqa juda tez o‘tib ketganini aytadi. Tayyorlanish paytida esa vaqtning o‘tishi aksincha, juda sekin tuyuladi.
Attestatsiyaga tayyorgarlikni endi boshlayotgan o‘qituvchilarga esa Nurbek Otaxonov, avvalo, darsliklardagi mavzularni to‘liq va puxta o‘zlashtirishni tavsiya qiladi. Uning fikricha, mavzularni birortasini qoldirmay o‘qib, chuqur o‘zlashtirgan pedagog nafaqat 86, balki 100 ball olish imkoniyatiga ham ega.
“Eng avvalo, kitoblardagi mavzularni yaxshilab, bittasini ham qoldirmay o‘qib-o‘rganib chiqish kerak. O‘shanda nafaqat 86, balki 100 ball olish ham mumkin. Attestatsiya savollari o‘qigan, mavzularni o‘zlashtirgan odamga albatta oson bo‘ladi”, — deydi u.
Siz ham attestatsiya sinovlarida yuqori natija qayd etgan bo‘lsangiz va tayyorgarlik tajribangizni boshqalar bilan bo‘lishmoqchi bo‘lsangiz, Talimxabarlari.uz’ning murojaatlar botiga yozishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Sinovtest.uz‘da pedagoglar uchun spetsifikatsiya asosida tuzilgan namunaviy testlar mavjud. Pedagoglar ushbu namunaviy testlar orqali attestatsiya imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rishlari mumkin.
