Fransiyalik 36 yoshli talaba Shotlandiya qirollari toj kiyish marosimida foydalangan tarixiy tosh saqlanadigan shisha qoplamani bolg‘a bilan sindirdi. U sudda yetkazilgan zarar uchun aybini tan oldi.
Arno Logan 2025-yil iyul oyida Pert muzeyida saqlanayotgan “Taqdir toshi” eksponatining mustahkamlangan shisha qoplamasiga bolg‘a bilan 24 marta zarba bergan. Hodisa oqibatida 9 ming funt sterling miqdorida zarar yetkazilgan.
Sudda namoyish etilgan kuzatuv kamerasi yozuvlarida Logan ko‘k-oq rangli bolg‘a bilan shisha qoplamani sindirayotgani aks etgan. Shisha parchalari atrofga sochilganidan so‘ng, u muzeyga tashrif buyuruvchi va xodim tomonidan to‘xtatilgan.
Hodisa sababli muzeydagi ko‘rgazma uch oy davomida tashrif buyuruvchilar uchun yopilgan.
Arno o‘zini Shotlandiyadagi Logan urug‘i vakili deb hisoblagan va shu sababli tarixiy toshga o‘tirish uning “tug‘ma huquqi” ekanini ta’kidlagan. Shuningdek, u Fransiya monarxiyasini qayta tiklashni talab qilgan. Hodisa vaqtida u yakobinchilar uslubidagi kiyimda bo‘lgan.
“Taqdir toshi” Shotlandiya tarixidagi muhim yodgorliklardan biri bo‘lib, mamlakat monarxlari an’anaviy ravishda shu tosh ustida toj kiygan.
Dastlabki sud majlisidan keyin Avstraliyaga ketgan Logan politsiyaga belgilangan vaqtda kelib ro‘yxatdan o‘tish majburiyatini ham bir necha oy davomida bajarmaganini tan oldi.
Avvalroq, “Dekster” serialidan ilhomlangan talaba vaxshiy qotillikda aybini tan olgani haqida xabar bergan edik.
