Telegram orqali Ta’lim va ilm-fan vaziri o‘rinbosari Ilhom Siradjev nomidan fuqarolarga soxta xabarlar yuborilayotgani aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, firibgarlar Telegram’da “Сираджев Илхом Тохирович” nomi bilan ochilgan akkaunt orqali turli shaxslarga murojaat qilmoqda. Bu haqida Ta’lim va ilm-fan vazirligi ogohlantirish berdi.
Soxta xabarlarda ta’lim tashkilotlari xodimlarining hujjatlarida nomuvofiqliklar aniqlangani va shu sababli ichki tekshiruv o‘tkazilayotgani aytiladi. Shuningdek, suhbatdoshlardan hamkasblari haqida ma’lumot so‘ralib, ularga yaqin vaqt ichida tekshiruvchi yoki boshqa mas’ul xodim qo‘ng‘iroq qilishi haqida xabar beriladi.
Ta’kidlanishicha, ushbu xabarlar Ilhom Siradjev tomonidan yuborilmagan. Ularda ko‘rsatilgan Telegram akkaunti ham vazir o‘rinbosarining shaxsiy akkaunti emas.
Fuqarolardan bunday xabarlarga ishonmaslik, ularga javob bermaslik, SMS orqali yuborilgan tasdiqlash kodlarini hech kimga bermaslik hamda shaxsiy ma’lumotlar, hujjatlar va
boshqa maxfiy axborotlarni begona shaxslarga taqdim etmaslik so‘raladi.
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov nomidan fuqarolarga soxta xabarlar yuborilayotgani aniqlangani haqida xabar bergan edik.
