Sun’iy intellekt (SI) insoniyatga foyda keltiryaptimi yoki bu texnologiya atrofidagi shov-shuv asosan yirik kompaniyalar va milliarderlar manfaatiga xizmat qilyaptimi?
Iqtisodchi Botir Qobilov bu boradagi bahs-munozaraga munosabat bildirib, SI allaqachon tibbiyot, mehnat unumdorligi va ilmiy tadqiqotlarda aniq natijalar berayotganini ta’kidladi.
Uning fikricha, sun’iy intellektning insoniyat hayotiga ta’sirini baholashda umumiy xulosalardan ko‘ra, ilmiy tadqiqotlar va amaliy natijalarga tayanish kerak.
Tibbiyotda saratonni aniqlash ko‘rsatkichi 29 foizga oshgan
2025-yil fevral oyida The Lancet Digital Health jurnalida e’lon qilingan tadqiqotda sun’iy intellekt yordamida ko‘krak bezi saratonini aniqlash samaradorligi o‘rganilgan.
Shvetsiyada o‘tkazilgan randomizatsiyalangan tadqiqotda 105 934 nafar ayol ishtirok etgan. Ularning bir qismi mammografiya tekshiruvida sun’iy intellekt yordamidan foydalangan, qolganlari esa an’anaviy usulda tekshirilgan.
Natijada SI qo‘llanilgan guruhda 53 043 nafar ishtirokchidan 338 nafarida, an’anaviy tekshiruv guruhida esa 52 872 nafar ishtirokchidan 262 nafarida saraton aniqlangan. Shu tariqa sun’iy intellekt yordamidagi tekshiruv saratonni aniqlash ko‘rsatkichini 29 foizga oshirgan.
Bundan tashqari, rentgenologlarning tasvirlarni tahlil qilish bo‘yicha ish hajmi 44,2 foizga kamaygan. Tadqiqotda yolg‘on ijobiy natijalar ko‘rsatkichi sezilarli darajada oshmagani ham qayd etilgan.
Mehnat unumdorligi ayrim sohalarda 15 foizga oshgan
2025-yil may oyida The Quarterly Journal of Economics jurnalida chop etilgan tadqiqotda generativ sun’iy intellektning ish unumdorligiga ta’siri o‘rganilgan.
Tadqiqot 5 172 nafar mijozlarga xizmat ko‘rsatish xodimi faoliyatini qamrab olgan. Natijalar shuni ko‘rsatganki, SI yordamidan foydalangan xodimlar bir soat ichida hal qilgan murojaatlar sonini o‘rtacha 15 foizga oshirgan.
Qizig‘i, texnologiyadan eng katta foyda kam tajribaga ega va malakasi nisbatan pastroq xodimlarda kuzatilgan. Ularning ayrim ko‘rsatkichlar bo‘yicha unumdorligi 30 foizgacha oshgan. Tajribali xodimlarda esa natijalar ancha cheklangan bo‘lgan.
2026-yil 27-fevralda Management Science jurnalida e’lon qilingan yana bir tadqiqotda dasturchilar faoliyatida sun’iy intellektning samaradorligi tekshirilgan.
Microsoft, Accenture va yana bir yirik kompaniyada o‘tkazilgan uchta randomizatsiyalangan tajribada jami 4 867 nafar dasturchi ishtirok etgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, SI yordamidan foydalangan dasturchilar bajargan vazifalar soni o‘rtacha 26,08 foizga oshgan.
Biroq tadqiqotchilar natijalar tajribalar kesimida farq qilganini, umumlashtirilgan ko‘rsatkich esa uchta tajriba ma’lumotlari asosida hisoblanganini qayd etgan.
Sun’iy intellekt matematik tadqiqotlarda ham yangi natijalarga yordam bermoqda
2026-yil 6-oktabrda Proceedings of the National Academy of Sciences (PNAS) jurnalida matematik tadqiqotlarda sun’iy intellektdan foydalanishga bag‘ishlangan maqola chop etildi.
Unda Google DeepMind tomonidan ishlab chiqilgan AlphaEvolve tizimining imkoniyatlari o‘rganilgan. Tadqiqotda matematik tahlil, kombinatorika, geometriya va sonlar nazariyasiga oid 67 ta masala ko‘rib chiqilgan.
Natijada tizim ko‘plab holatlarda avval ma’lum bo‘lgan eng yaxshi yechimlarni qayta topgan, ayrim masalalarda esa ulardan yaxshiroq natijalarga erishgan. Ba’zi hollarda cheklangan sonli qiymatlar uchun ma’lum bo‘lgan natijalarni umumiy formulalarga aylantirishga ham muvaffaq bo‘lgan.
Tadqiqot mualliflari orasida taniqli matematik Terens Tao ham bor. Ularning xulosasiga ko‘ra, SI matematiklarning fikrlash jarayonini to‘ldirishi va murakkab masalalar yechimini izlashni tezlashtirishi mumkin.
SI yordamida 16 ta yangi bakteriofag laboratoriyada yaratildi
2026-yil avgust oyida Science jurnalida sun’iy intellekt yordamida bakteriofaglar — bakteriyalarni zararlaydigan viruslarni loyihalashga bag‘ishlangan tadqiqot e’lon qilindi.
Tadqiqotchilar genom til modellari yordamida bakteriofaglarning to‘liq genomlarini loyihalashga muvaffaq bo‘lgan. Laboratoriya sinovlari natijasida turli xususiyatlarga ega 16 ta yashovchan bakteriofag olingan.
Tajribalarda yaratilgan bakteriofaglar ayrim antibiotiklarga chidamli «E. coli» bakteriyalariga qarshi ham sinab ko‘rilgan. Natijalar kelajakda sun’iy intellekt yordamida bakterial infeksiyalarga qarshi yangi biologik vositalar ishlab chiqish imkoniyatini ko‘rsatmoqda.
Sun’iy intellektning xavflari ham mavjud
Botir Qobilov sun’iy intellektning foydasini e’tirof etish uning barcha muammolarini inkor qilish degani emasligini ta’kidlaydi.
Xususan, ma’lumotlar markazlarining elektr energiyasi va suv iste’moli, mehnat bozoridagi o‘zgarishlar, texnologik kompaniyalar monopoliyasi hamda shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi jiddiy e’tibor talab qiladigan masalalardir.
Biroq uning fikricha, ushbu xavflarning mavjudligi sun’iy intellektning zarari foydasidan ko‘proq ekanini o‘z-o‘zidan isbotlamaydi. Bunday xulosa chiqarish uchun texnologiyaning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik ta’sirini birgalikda o‘rganish lozim.
Shuningdek, texnologiya kompaniyalari va ularning investorlarining boyib borishi SI jamiyat uchun qiymat yaratmayapti degani emas. Xuddi shuningdek, kompaniyalarning katta mablag‘ yo‘qotishi ham texnologiyaning ijtimoiy foydasini yo‘qqa chiqarmaydi.
Sun’iy intellektning foydasini qanday baholash kerak?
Qobilovning qayd etishicha, «Sun’iy intellekt hayotimizni yaxshiladimi?» degan savolga javob berishda kimning hayoti, qaysi mamlakat yoki qaysi kasb egalari nazarda tutilayotganini aniqlashtirish muhim.
Agar texnologiya shifokorga kasallikni ertaroq aniqlashda yordam bersa, xodimning bir necha soatlik ishini qisqa vaqtda bajarishiga imkon yaratsa yoki ilgari qimmat bo‘lgan xizmatlardan foydalanishni osonlashtirsa, bularning o‘zi ham amaliy natija hisoblanadi.
Iqtisodchi fikricha, insoniyat elektr energiyasi, antibiotiklar, kompyuterlar va internetsiz ham yashab kelgan. Ammo bu texnologiyalar hayotimizni yaxshilamaganini anglatmaydi.
Shu sababli sun’iy intellektga nisbatan munosabat ham faqat hayrat yoki xavotirga emas, balki ilmiy dalillar, tekshirilgan natijalar va texnologiyaning real ta’siriga asoslanishi kerak.
