Ijtimoiy tarmoqlarda fizika fanidan attestatsiya testlarining X varianti tarqaldi. Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi matbuot kotibi Talimxabarlari.uz bilan suhbatda savollarning bu yilgi testlarga oid ekanligini tasdiqladi. Shuningdek, test savollari bazadan shakllantirilishi va har bir smenada test topshiriqlarining tartibi oʻzgarib borishini ma’lum qildi.
Joriy yilning 11-noyabr kuni respublika bo‘ylab fizika fani o‘qituvchilari uchun kuzgi attestatsiya doirasida malaka sinovlari o‘tkazildi. Imtihonlardan so‘ng ayrim pedagoglar test topshiriqlarining murakkabligi, ularga ajratilgan vaqt hamda savollarning tasdiqlangan spetsifikatsiyaga muvofiqligi yuzasidan e’tiroz bildirmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda fizika fanidan 1-smenada o‘tkazilgan attestatsiya sinovlariga tegishli X variant test topshiriqlari ham tarqaldi.
Fizika fanidan test sinovlarida tushgan savollar tarqalgani yuzasidan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi izoh berdi.
Markazning ma’lum qilishicha, test sinovlari savollar bazasi asosida shakllantirilishini, har bir smenada test topshiriqlarining tartibi oʻzgarib boradi. Yaʼni, soat 08:30 dagi test sinovida bir ishtirokchiga taqdim etilgan savollar aynan shu koʻrinish va ketma-ketlikda keyingi ishtirokchiga ham tushadi, degani emas. Shuningdek, savollarga tegishli A, B, C, D javob variantlarining joylashuvi ham random tarzda oʻzgaradi.
‘‘Shu sababli bir ishtirokchiga taqdim etilgan test savollarining aynan shu tartib va variantlarda boshqa ishtirokchiga ham tushish ehtimoli juda past. Test sinovlari yuzasidan xulosa chiqarishda savollar bazasi, ularning almashinuvi va javob variantlari joylashuvi bilan bogʻliq ushbu jihatlarni inobatga olishingizni soʻraymiz’’, — deyiladi munosabatda.
Avvalroq Farg‘ona viloyatida ona tili va adabiyot fanidan o‘tkazilgan attestatsiya sinovlarida test savollari suratga olinib, imtihon hududidan tashqariga olib chiqilgani haqida xabar berilgan edi. Qashqadaryoda esa musiqa madaniyati fanidan imtihon topshirgan ishtirokchi ruxsat etilmagan kamera qurilmasi orqali savollarni tasvirga olib, tarqatgani aniqlangan edi.
Ushbu holatlarda ham markaz test topshiriqlari har bir smena uchun yangilanishini qayd etgan. Shu sababli suratga olingan savollar keyingi smenalarda qo‘llanilmaganligini, holat boshqa ishtirokchilar uchun ustunlik yaratmaganligini ta’kidlagan.
Shuningdek, tahririyatimizning murojaatlar botiga fizika fani o‘qituvchilaridan imtihon jarayonlari yuzasidan qator murojaatlar kelib tushmoqda.
Pedagoglarning aksariyati test savollari spetsifikatsiya asosida tuzilmaganini, ayrim topshiriqlar murakkab bo‘lgani sababli belgilangan vaqt ichida ularni bajarishga ulgurishmaganini ta’kidlagan.
Jumladan, murojaatlardan birida o‘qituvchi test savollarining murakkabligi va testlar maktab darsliklaridan olinmaganligi yuzasidan fikr bildirgan.
“Assalomu alaykum hurmatli testologlar nima sababdan testlar bu qadar murrakkab va maktab darsligidan deyarli savollar yo’q bitta atronomiyadan savol kitobdan olingan. To’g’ri biz berilgan misollarni ishlashimiz kerak ammo savollarni ng yarmiga vaqt yetmadi. Biz fiziklarda yoki vaqt uzaytirsin yoki murakkablik doirasini ko’rib chiqsin. Bu bir kishining fikri emas butun resbuplikada fiziklar norozi”, — deyiladi murojaatlardan birida.
Boshqa bir pedagog esa test topshiriqlarini tuzgan mutaxassislarning o‘zlari ham belgilangan vaqt ichida savollarni ishlab ko‘rishini taklif qilgan.
‘‘Hurmatli test tuzuvchilar shunday ekan barcha tuman va shahar fiziklarini yig’ib o’sha berilgan vaqt ichida o’zlari ishlab tahlil qilib bersin. Fiziklarni nima aybi bor maktabda fizikaga qiziqadiganlar juda kam o‘zi”, — deb yozadi pedagoglardan biri.
Shuningdek, ayrim o‘qituvchilar testlarda xorijiy adabiyotlardan olingan masalalar uchragani, demo testlar va spetsifikatsiyada ko‘rsatilgan adabiyotlar ro‘yxati bilan imtihondagi topshiriqlar o‘rtasida farq borligini bildirgan. Ular testlarni tuzishda validlik talablariga qay darajada amal qilinganiga ham aniqlik kiritishni so‘ragan.
‘‘Fizikada attestatsiya savollar birga bir xorij adabiyotidan olingan’’, — deya izoh qoldirgan murojaatchilardan biri.
Avvalroq, fizika fanidan tushgan testlarning xorijiy adabiyotlardagi masalalarga o‘xshashligi yuzasidan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi izoh bergan edi.
Unda 2026-yilgi kuzgi attestatsiya test topshiriqlari tasdiqlangan fizika fani spetsifikatsiyasi asosida, unda belgilangan mavzular hamda baholanadigan bilim va ko‘nikmalar doirasida ishlab chiqilgani ma’lum qilingan.
Qayd etilishicha, fizika fanidagi qonuniyatlar va formulalar umumilmiy xususiyatga ega. Shu sababli turli adabiyotlarda bir mavzuga oid masalalarning sharti, chizmasi yoki yechish usulida o‘xshashliklar uchrashi tabiiy. Biroq bu holat topshiriq aynan muayyan manbadan ko‘chirilganini yoki spetsifikatsiya talablaridan chetga chiqilganini anglatmaydi.
Markaz test topshiriqlarini baholashda ularning tasdiqlangan spetsifikatsiyaga muvofiqligi, ilmiy to‘g‘riligi va javoblarining asoslanganligi asosiy mezon hisoblanishini ta’kidlagan. Shu bilan birga, markaz muayyan topshiriqning mazmuni, ilmiy to‘g‘riligi yoki javob kaliti yuzasidan aniq asoslar bilan bildirilgan e’tirozlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishini bildirgan.
