Ta’lim va ilm-fan vazirligi maktab o‘quvchilarining bilimini baholash va imtihon olishning yangi yagona tartibi bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganish uchun anonim so‘rovnoma o‘tkazmoqda.
Vazirlik tomonidan maktab o‘quvchilarining bilimini baholash va imtihon olishning yangi tartibi ishlab chiqilmoqda.
Taklif etilayotgan yangi tartibga ko‘ra, o‘quvchilarning bilimini baholash hamda imtihon olish 4-, 7-, 9- va 11-sinflarda bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Xususan:
— 4-sinfda o‘qish, matematika va tabiiy fanlardan diagnostik test o‘tkaziladi. Natijaga ko‘ra baho qo‘yilmaydi va u o‘quvchining keyingi sinfga o‘tishiga ta’sir qilmaydi;
— 7-sinfda o‘quvchilarning kasbiy qiziqishlari va mantiqiy fikrlashini aniqlashga qaratilgan diagnostika o‘tkaziladi. Uning natijasi tavsiyaviy xarakterga ega bo‘ladi;
— 9-sinfda asosiy davlat imtihoni o‘tkaziladi. Uning natijasi shahodatnomaga baho sifatida kiritiladi hamda akademik litsey yoki texnikumga kirishda hisobga olinadi. Shu bilan birga, o‘quvchining maktabda 10-sinfda o‘qishni davom ettirish huquqi saqlanib qoladi;
— 11-sinfda yagona davlat imtihoni o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu imtihon maktabni bitirish hamda oliy ta’lim yoki texnikumga kirish uchun umumiy imtihon bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Yangi tartibni 2027/2028-o‘quv yili yakunida Toshkent shahri va Navoiy viloyatida tajriba-sinov tariqasida joriy etish rejalashtirilgan. Sinov natijalari o‘quvchilarning ta’lim muassasalariga kirishiga ta’sir qilmaydi.
2028/2029-o‘quv yili yakunidan boshlab esa yangi tartibni barcha hududlarda joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
Vazirlik ushbu tartib bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida anonim so‘rovnoma tashkil etgan.
So‘rovnomada ishtirok etib, yangi tartib bo‘yicha o‘z fikr va takliflaringizni bildirishingiz mumkin.
