AQSHning Ogayo shtati universitetida ikki nafar talabaning kiyimlari yonib ketgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Hodisa yuzasidan politsiya tekshiruv boshlagan, universitet esa talabalar birodarligi tashkilotlaridan birining faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan.
Associated Press xabariga ko‘ra, voqea Ogayo shtatining Kolumbus shahridagi Ohio State University hududida, 7-noyabr kuni sodir bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda bir guruh yoshlar tashqarida to‘planib turgani, ularning orasida kiyimi yonayotgan yigit yerda o‘tirgani aks etgan. Keyin u ikkinchi yigit tomon yugurib, uni yerga yiqitgan. Natijada ikkinchi yigitning kiyimlari ham alanga olgan.
Ikki yigit olovni o‘chirishga urinib, yerda dumalagan va yonayotgan kiyimlarini yechishga harakat qilgan. Atrofdagilardan ayrimlari ularga yordam berishga uringan, biroq videoda ba’zi kishilarning kulgani va baqirgani ham ko‘rinadi.
Universitet vakili Benjamin Jonsonning ma’lum qilishicha, hodisadan so‘ng Sigma Alpha Epsilon talabalar birodarligi tashkiloti tekshiruv yakuniga qadar vaqtincha to‘xtatilgan. Shuningdek, holat universitet politsiyasi va Kolumbus shahri huquqni muhofaza qiluvchi organlariga yuborilgan.
Keyinchalik politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, hodisada jarohatlangan ikki nafar talaba ikkinchi va uchinchi darajali kuyish jarohatlari bilan tibbiy yordam olgan.
Bu voqea talabalar tashkilotiga yangi a’zolarni qabul qilish paytida o‘tkaziladigan xavfli sinovlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Politsiya hodisa aynan shunday sinovlar vaqtida yuz bergan-yuz bermaganini aniqlash uchun tergov olib bormoqda.
Talabalar birodarligi tashkiloti yetakchisi Stiv Mitchell hodisadan xabardor ekanini va vaziyat jiddiy tekshirilayotganini bildirgan. Uning aytishicha, tashkilot universitet ma’muriyati hamda politsiya bilan hamkorlik qilmoqda.
Avvalroq, AQShda mingdan ortiq maktablar yopilgani haqida xabar bergan edik.
