Kasbiy ta’lim muassasalarida amaliy mashg‘ulotlar uchun xomashyo va yonilg‘i xarid qilish tartibi belgilanmoqda. Tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Muhokamalar portaliga Ta’lim va ilm-fan vazirligi “Davlat texnikumlarini oʻquv-amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazish uchun sarflanadigan xomashyo va yonilgʻi-moylash materiallari bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.
Loyihaga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlari kelgusi moliya yilida zarur bo‘ladigan xomashyo va materiallar uchun har yili 1-iyunga qadar talabnoma ishlab chiqadi. Bunda har bir kasb bo‘yicha o‘quvchilar soni, mavjud moddiy-texnik baza hamda o‘tgan yildan qolgan foydalanilmagan materiallar hisobga olinadi.
Talabnomalar hududiy kasbiy ta’lim boshqarmalariga taqdim etiladi. Ular umumlashtirilib, 15-iyunga qadar Kasbiy ta’lim agentligiga yuboriladi. Agentlik esa yakuniy talabnomalarni joriy yilning 1-iyulidan kechiktirmay Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi. Zarur mablag‘lar kelgusi yil uchun Davlat budjeti parametrlarida rejalashtirilishi ko‘zda tutilgan.
O’quv mashg‘ulotlar uchun materiallar qanday taqsimlanadi?
Loyihada o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar uchun materiallarni berish va sarflash tartibi ham belgilangan. Unga ko‘ra, mashg‘ulot boshlanishidan kamida bir kun oldin ishlab chiqarish ta’limi ustasi o‘quvchilar soni va mashg‘ulot mavzusidan kelib chiqib buyurtma tayyorlaydi. Buyurtma tashkilot direktori tomonidan tasdiqlangach, xomashyo va materiallar tegishli yuk-xati asosida beriladi.
Shu bilan birga, olingan materiallar maxsus hisobga olish kitobiga qayd etiladi. Mashg‘ulot boshlanishidan oldin esa ular har bir o‘quvchiga imzo qo‘ydirgan holda tarqatiladi. Mashg‘ulot yakunida ishlab chiqarish ta’limi ustasi materiallarning amalda sarflangan miqdori bo‘yicha dalolatnoma tayyorlaydi. Ishlatilmay qolgan materiallar va chiqindilar omborga qaytariladi.
Tayyor mahsulotlarni sotishdan tushgan mablag‘lar qayerga yo‘naltiriladi?
Loyihaga muvofiq, o‘quvchilar amaliy mashg‘ulotlar davomida tayyorlagan va bozor talablariga javob beradigan mahsulotlarni sotishdan tushgan mablag‘lar kasbiy ta’lim tashkilotining budjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi.
Shuningdek, xomashyo va materiallarning saqlanishi, hisobga olinishi hamda hisobdan chiqarilishini nazorat qilish uchun texnikumlarda 5–7 kishidan iborat doimiy ishchi guruh tashkil etilishi belgilanmoqda. Ishlatilgan materiallar va chiqindilarni hisobdan chiqarish ushbu guruh xulosasi asosida amalga oshiriladi.
Qaror loyihasida avtomobil, traktor va agregatlarni yakka tartibda boshqarish bilan bog‘liq amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish tartibi ham nazarda tutilgan.
Bunda mavjud transport vositalarining turi va sonidan kelib chiqib, o‘quv reja va dasturlariga muvofiq mashg‘ulot variantlaridan biri tanlanadi. O‘quv-mashq jadvali ishlab chiqilib, direktor tomonidan tasdiqlanadi. Transport vositalari mas’ul shaxs tomonidan tekshirilgach va yo‘l varaqasi rasmiylashtirilgach, mashg‘ulotlarni boshlashga ruxsat beriladi.
Sarflangan yonilg‘i-moylash materiallari bo‘yicha hisobotlar esa har oy yakunida tegishli hujjatlar bilan birga buxgalteriyaga topshiriladi.
