Bu safar Italiyada: 300 dan ortiq maktabga bomba qo‘yilgani haqida xabarlar kelib tushdi

Bu safar Italiyada: 300 dan ortiq maktabga bomba qo‘yilgani haqida xabarlar kelib tushdi

Bugun, 11-noyabr kuni Italiyadagi kamida 300 ta maktab bomba tahdidi haqidagi xabarlar sabab evakuatsiya qilindi. Rasmiylar bu xabarlarni yolg‘on tahdid deb taxmin qilmoqda.

 

Avvalroq xabar berganimizdek, oktyabr oyida Shimoliy Irlandiyadagi ko‘plab maktablarga ham tahdid mazmunidagi elektron xatlar yuborilgan edi.

 

Endi esa bugun Italiyadagi kamida 300 ta maktabga bomba qo‘yilgani haqida xabar kelib tushgan.

 

Italiya hukumati ma’lum qilishicha, bu Yevropa bo‘ylab supermarketlar, qon banklari, havo harakatini boshqarish tizimlari va telekanallarga qarshi uyushtirilgan tahdidlar hamda kiberhujumlar ketma-ketligining navbatdagi holati bo‘lgan.

 

Italiya ta’lim vaziri Juzeppe Valditara La7 telekanaliga bergan intervyusida ushbu xabarlar yolg‘on tahdidlar bo‘lishi mumkinligini aytgan. Uning ta’kidlashicha, tahdidli xabarlar yuborilgan maktablar soni yanada ortishi kutilmoqda.

 

Bu safar Italiyada: 300 dan ortiq maktabga bomba qo‘yilgani haqida xabarlar kelib tushdi
Reuters

 

Reuters agentligining yozishicha, Italiyaga yuborilgan xabar “Misoginiston viloyati yetakchisi Mixail Andropov” nomidan imzolangan. Xuddi shu shaxs Irlandiya va Bolgariyadagi OAV tahririyatlariga yuborilgan bomba tahdidi haqidagi xatlar uchun ham javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan.

 

Italiya mudofaa vaziri Gvido Krozetto Adnkronos bergan izohida bunday tahdidlar “endi ancha ravshan bo‘lib qolgan strategiyaning bir qismi — qo‘rquv va xavotir tarqatish” ekanini ta’kidlagan.

 

“Bunday holatlar har doim ham xorijiy davlatlar yoki dushman kuchlar tomonidan amalga oshirilmaydi. Hozirgi vaziyatdan foydalanib, shahar yoki hududda vahima keltirib chiqarishga urinadigan, e’tibor qozonishni istaydigan va aqli noraso odamlar ham bor”, — degan u.

 

Rim politsiyasi vakili Italiya huquq-tartibot idoralari ushbu holat yuzasidan tergov olib borayotganini ma’lum qilgan.