Qashqadaryoda 3 yoshli qizaloqning avtomobilda qolib ketib vafot etishiga sabab bo‘lgan bog‘cha rahbari 5 yilga qamaldi. Uning boshqa qonunbuzarliklar qilgani ham ma’lum bo‘lgan.
Joriy yilning iyun oyida Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 3 yoshli tarbiyalanuvchi avtomobilda qolib ketishi oqibatida vafot etgan edi. Hodisa tumanning «Zafar» MFYda faoliyat yuritgan yakka tartibdagi tadbirkor O.CH.ga tegishli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida sodir bo‘lgan.
Daryo.uzga ko‘ra, O.CH. 2023-yil dekabr oyida otasi nomiga oilaviy nodavlat bog‘cha ochib, uni amalda boshqarib kelgan. Muassasada ikki guruhda 50 nafar bola tarbiyalangan. U bolalarni o‘z avtomobilida uylaridan olib kelish va qaytarib olib borish bilan ham shug‘ullangan.
2026-yil 4-iyun kuni soat 07:20 atrofida bolalarni bog‘chaga olib kelgan O.CH. ularni avtomobildan tushirib, tarbiyachiga topshirgan. Biroq 2023-yilda tug‘ilgan uch yoshli qizaloq mashina salonida qolib ketgan. Yuqori harorat ta’sirida og‘ir ahvolga tushgan bola organizmining qizib ketishi oqibatida vafot etgan.
Sudda O.CH. bolalarni mashinadan tushirish vaqtida sanamaganini tan olgan. Uning aytishicha, barcha bolalar tushib ketgan deb o‘ylab, avtomobil eshiklarini qulflab, ishiga ketgan. Qizaloqning bog‘chada yo‘qligi haqida soat 16:00 atrofida turmush o‘rtog‘idan xabar topgan.
Bog‘chaga yetib kelganida bolaga tez tibbiy yordam ko‘rsatilayotgan bo‘lgan, biroq shifoxonada shifokorlar uning vafot etganini ma’lum qilishgan.
O‘rganishlar davomida O.CH. tomonidan moliyaviy qonunbuzilishlarga ham yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Jumladan, soxta ishga qabul qilish hujjatlari orqali bir necha fuqaro nomiga hisoblangan ish haqi mablag‘larining bir qismi o‘zlashtirilgan.
Sud hukmi bilan O.CH. kasbiy vazifalarini lozim darajada bajarmaslik, o‘zlashtirish va hujjatlarni qalbakilashtirishda aybdor deb topildi. Unga uch yil tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etish hamda besh yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Avvalroq, Ohangarondagi bog‘chada hasharotlarga qarshi vositani ichib qo‘yishi oqibatid 3 yoshli bola vafot etgani xabar qilingan edi.
