Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi qishloqlardan birida oʻquvchilarning maktabga borish uchun suv kechib oʻtayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Holat yuzasidan Dehqonobod tuman hokimligi munosabat berib, ishchi guruh tuzilganligini, masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻrganish ishlari olib borilayotganligini maʼlum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani Yashnaobod MFY Jingʻil qishlogʻidagi 84-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻqiydigan oʻquvchilarning maktabga borish uchun suv kechib oʻtayotgani aks etgan video tarqaldi.
Kadrlarda ayrim ota-onalar bolalarni suvdan koʻtarib olib oʻtayotgani koʻrinadi.
Mazkur holat yuzasidan Talimxabarlari.uz Dehqonobod tumani hokimligi axborot xizmati rahbari bilan bogʻlandi.
Tuman hokimligi axborot xizmati rahbarining maʼlum qilishicha, holat yuzasidan ishchi guruh tuzilgan. Ayni paytda masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda hududdagi vaziyat oʻrganilmoqda.
Oʻrganishlar yakuni boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot berilishi maʼlum qilindi.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyati hokimligi ham holat yuzasidan munosabat bildirdi.
“Dehqonobod tumanida bolalarning sel suvini kechib oʻtish holati ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Mazkur holatdan masʼul tashkilotlar xabardor. Aniqlanishicha, ushbu hudud mavsumiy sel suvlari oqib oʻtadigan tabiiy oʻzan hisoblanadi. Shu bilan birga, bolalarning taʼlim muassasasiga borish-kelishida bunday xavfli vaziyatlarga duch kelishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.
Ayni paytda masʼullar tomonidan hududdagi vaziyatni oʻrganish, bolalar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha zarur choralarni belgilash hamda muammoning doimiy yechimini topish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda”, — deyiladi rasmiy munosabatda.
Hozircha hududdagi vaziyatni oʻrganish ishlari davom etmoqda. Oʻrganishlar yakuni boʻyicha yangi maʼlumot yoki munosabat olinsa, qoʻshimcha xabar beriladi.
