‘‘STEAM’’ning beshta yo‘nalishi bo‘yicha eng yaxshi innovatsion loyihalar taqdirlandi

‘‘STEAM’’ning beshta yo‘nalishi bo‘yicha eng yaxshi innovatsion loyihalar taqdirlandi

“Xalqaro STEAM Assambleyasi – 2026” tadbirida ilmiy-tadqiqot, texnologik, muhandislik, kreativ va matematik yo‘nalishlardagi loyihalar namoyish etildi. Yakunda eng yaxshi deb topilgan loyiha mualliflari taqdirlandi.

 

Joriy yilning 10-noyabr kuni Toshkent shahridagi Hilton Tashkent City mehmonxonasida Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Alfraganus universiteti hamkorligida “Xalqaro STEAM Assambleyasi – 2026” tadbiri tashkil etildi.

 

Xalqaro STEAM taʼlim kuni hamda Tinchlik va taraqqiyot yoʻlidagi umumjahon ilm-fan kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda davlat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy va mahalliy ekspertlar, pedagoglar, tadqiqotchilar hamda yosh innovatorlar ishtirok etdi.

 

‘‘STEAM’’ning beshta yo‘nalishi bo‘yicha eng yaxshi innovatsion loyihalar taqdirlandi

 

Assambleyadan koʻzlangan asosiy maqsad taʼlim oluvchilar va pedagoglarning STEAM kompetensiyalarini rivojlantirish, ilmiy-innovatsion gʻoyalarni amaliy yechimlarga aylantirish, ilgʻor milliy va xalqaro tajribalarni ommalashtirish hamda taʼlim, fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.

 

Tadbirda Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Shaxzodbek Kurbaniyazov soʻzga chiqib, STEAM yondashuvini uzluksiz taʼlim tizimiga joriy etish, oʻquvchilarning ijodiy va tadqiqotchilik koʻnikmalarini rivojlantirish muhimligini taʼkidladi.

 

‘‘STEAM’’ning beshta yo‘nalishi bo‘yicha eng yaxshi innovatsion loyihalar taqdirlandi

 

“Bugungi kunda taʼlim oluvchilarda fan, texnologiya, muhandislik, sanʼat va matematika yoʻnalishlarini oʻzaro bogʻliq holda oʻrganish koʻnikmalarini shakllantirish muhim ahamiyatga ega. STEAM yondashuvi oʻquvchini tayyor maʼlumotni oʻzlashtirish bilan cheklamaydi: u savol berishga, izlanishga, tajriba oʻtkazishga, jamoada ishlashga va oʻz gʻoyasini amaliy yechimga aylantirishga undaydi. Shu maqsadda Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan uzluksiz taʼlim bosqichlariga moʻljallangan STEAM metodik qoʻllanmalar turkumi ishlab chiqildi. Ushbu qoʻllanmalar maktabgacha taʼlimdan boshlab maktab, kasbiy taʼlim, biznes va innovatsiyalar bosqichigacha STEAM yondashuvini izchil rivojlantirishga qaratilgan. Ularda pedagoglar uchun amaliy tavsiyalar, mashgʻulot va loyiha namunalari, taʼlim oluvchilarning ijodiy hamda tadqiqotchilik koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladigan yondashuvlar jamlangan. Qoʻllanmalarning samarasi, avvalo, taʼlim muassasalarida amalda qoʻllanishi va pedagoglar oʻrtasida keng ommalashishiga bogʻliq. Taʼlim, fan, ishlab chiqarish va tadbirkorlik oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, istiqbolli STEAM loyihalarini aniqlash va qoʻllab-quvvatlash barchamizning umumiy vazifamizdir”, — dedi Shaxzodbek Kurbaniyazov.

 

Shuningdek, Markaz tomonidan maktabgacha, maktab, kasbiy taʼlim hamda biznes va innovatsiya yoʻnalishlari uchun ishlab chiqilgan “STEAM START”, “STEAM LAB”, “STEAM PRO” va “STEAM BIZ” amaliy-metodik qoʻllanmalari haqida maʼlumot berildi.

 

‘‘STEAM’’ning beshta yo‘nalishi bo‘yicha eng yaxshi innovatsion loyihalar taqdirlandi

 

Anjumanda UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi vakili Rehina Maria Kastilyo sifatli va inklyuziv taʼlimni rivojlantirish, bolalarning zamonaviy koʻnikmalarini shakllantirish hamda taʼlimda teng imkoniyatlarni taʼminlash masalalariga eʼtibor qaratdi.

 

‘‘STEAM’’ning beshta yo‘nalishi bo‘yicha eng yaxshi innovatsion loyihalar taqdirlandi

 

“Har bir bola oʻz qobiliyatini kashf etish va rivojlantirish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak. STEAM yondashuvi bolalarda ijodkorlik, tanqidiy fikrlash, hamkorlik qilish va muammolarga yechim topish koʻnikmalarini shakllantirishga yordam beradi. Biroq taʼlimdagi innovatsiyalar barcha bolalar uchun ochiq va qulay boʻlishi muhim. Yangi texnologiyalar mavjud tafovutlarni kuchaytirmasligi, aksincha, ularni kamaytirishga xizmat qilishi zarur. Biz uchun eng muhim vazifa har bir bolaning yashash joyi va imkoniyatlaridan qatʼi nazar, sifatli, inklyuziv va zamonaviy taʼlimdan foydalanishini qoʻllab-quvvatlashdir”, — dedi Rehina Maria Kastilyo.

 

UNESCOning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi taʼlimda fanlararo yondashuvlarni rivojlantirish, ilmiy tafakkur va ijodkorlikni qoʻllab-quvvatlash hamda innovatsion yechimlarning barqaror taraqqiyotdagi ahamiyati haqida fikr bildirdi.

 

‘‘STEAM’’ning beshta yo‘nalishi bo‘yicha eng yaxshi innovatsion loyihalar taqdirlandi

 

“Bugungi dunyoda iqlim oʻzgarishi, texnologik taraqqiyot va jamiyat oldidagi murakkab muammolarni faqat bitta fan doirasidagi bilimlar bilan hal etish qiyin. STEAM yondashuvi turli fanlarni oʻzaro bogʻlash, oʻquvchilarni mustaqil tadqiqot olib borishga va yangi yechimlar yaratishga yoʻnaltirish imkonini beradi. Bunda texnologik bilimlar bilan bir qatorda ijodkorlik, axloqiy masʼuliyat va insonparvarlik qadriyatlarini rivojlantirish ham muhimdir. Taʼlimdagi innovatsiyalarning haqiqiy qiymati ularning inson hayoti, jamiyat farovonligi va barqaror taraqqiyotga qoʻshadigan hissasi bilan belgilanadi”, — dedi Sara Noshadi.

 

Alfraganus universiteti rektori Azizbek Ismoilov esa istiqbolli ilmiy loyihalarni tanlovdan keyin ham qoʻllab-quvvatlash, yosh tadqiqotchilarning ishlanmalarini takomillashtirish va ularni amaliyotga joriy etishda taʼlim muassasalari hamda ishlab chiqarish korxonalari hamkorligini kuchaytirish zarurligini qayd etdi.

 

‘‘STEAM’’ning beshta yo‘nalishi bo‘yicha eng yaxshi innovatsion loyihalar taqdirlandi

 

“STEAM ilm-fan, texnologiya, muhandislik, sanʼat va matematikani yagona amaliy vazifa atrofida birlashtiradi. Yoshlarimiz har bir taklifini dalil bilan asoslashni, tajribadagi xatoni tan olishni va yechimni takomillashtirishni oʻrganishi zarur. Istiqbolli loyihalarning tanlovdan keyingi rivojini birgalikda qoʻllab-quvvatlash muhim. Ilmiy maslahat, tajriba-sinov va ishlab chiqaruvchi bilan muloqot yosh muallifga oʻz ishlanmasini takomillashtiris imkonini beradi. Bugungi tanishuvlar ertaga aniq vazifasi, hamkori va kutilayotgan natijasi belgilangan qoʻshma loyihalarga aylanishini istardim”, — dedi Azizbek Ismoilov.

 

Assambleya doirasida “FIRST Global Challenge – 2026” xalqaro robototexnika musobaqasi gʻoliblarining taqdimoti, xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirokida tajriba almashish sessiyalari hamda innovatsion STEAM loyihalari namoyishi tashkil etildi.

 

‘‘STEAM’’ning beshta yo‘nalishi bo‘yicha eng yaxshi innovatsion loyihalar taqdirlandi

 

Tadbirning muhim qismlaridan biri STEAMning beshta yoʻnalishi boʻyicha eng yaxshi innovatsion loyihalar taqdimoti boʻldi. Unda quyidagi loyihalar namoyish etildi:

 

  • Science — eng yaxshi ilmiy-tadqiqot loyihasi: Navoiy shahridagi Prezident maktabi oʻquvchisi Bektosh Ruziqulovning tuproq materiallari va mikrostrukturaviy xususiyatlarga oid tadqiqoti;
  • Technology — eng yaxshi texnologik yechim: Buxoro davlat texnika universiteti vakillari Ruxshona Rustamova, Zarina Ruzimuratova va Alimovna tomonidan ishlab chiqilgan ishchilar hamda oʻquvchilarga moʻljallangan veb-platforma;
  • Engineering — eng yaxshi muhandislik yechimi: Buxoro davlat texnika universiteti vakillari Asliddin Joʻrayev, Sardor Orziyev va Qadam Roʻziqulovning kichik hajmli kanallarga beton qoplama yotqizadigan mashina loyihasi;
  • Arts — eng yaxshi kreativ STEAM yechimi: Buxoro Prezident maktabi oʻquvchisi Ruxshora Ramazonovaning plastik paketlarni ekologik toza moda aksessuarlariga aylantirishga qaratilgan loyihasi;
  • Mathematics — eng yaxshi matematik va analitik yechim: Guliston shahridagi 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internat oʻquvchisi Avazbek Jalilovning Excel dasturi yordamida maktab jadvalini avtomatik shakllantirishga oid loyihasi.

 

Tadbir yakunida eng yaxshi innovatsion STEAM loyihalari mualliflarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi.

 

‘‘STEAM’’ning beshta yo‘nalishi bo‘yicha eng yaxshi innovatsion loyihalar taqdirlandi

 

Assambleya taʼlim, ilm-fan, texnologiya va ishlab chiqarish sohalari vakillari oʻrtasida tajriba almashish, istiqbolli loyihalarni qoʻllab-quvvatlash hamda yangi hamkorlik tashabbuslarini rivojlantirish uchun muhim muloqot maydoni boʻlib xizmat qildi.