2027-2028-oʻquv yilidan qutqaruvchilarni tayyorlash texnikumi ish boshlaydi

2027-2028-oʻquv yilidan qutqaruvchilarni tayyorlash texnikumi ish boshlaydi

2027/2028-o‘quv yilidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi huzurida Qutqaruvchilarni tayyorlash texnikumi faoliyat boshlaydi. 2029-yildan esa uning bitiruvchilari orasidan favqulodda vaziyatlar organlari uchun kadrlar zaxirasi shakllantiriladi.

 

Hukumatning 2026-yil 6-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi huzurida Qutqaruvchilarni tayyorlash texnikumini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 611-son qarori qabul qilindi.

 

Hujjatga ko‘ra, texnikum akademiyaning umumiy cheklangan shtat birliklari doirasida, yagona ta’lim kampusida alohida yuridik shaxs maqomida tashkil etiladi. Uning faoliyati 2027/2028-o‘quv yilidan boshlanadi.

 

Kimlar o‘qishga qabul qilinadi?

 

Texnikumga umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi. O‘quv jarayoni boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari asosida tashkil etiladi.

 

Shuningdek, yirik iqtisodiyot va toifalangan obyektlar hamda xavfli ishlab chiqarish korxonalarida faoliyat yuritayotgan qutqaruvchilar ushbu tashkilotlarning buyurtmasi asosida to‘lov-kontrakt shaklida imtiyozli o‘qishga qabul qilinadi.

 

Favqulodda vaziyatlar organlarida qutqaruvchi lavozimida xizmat qilayotgan xodimlar texnikumga o‘qishga kirgan taqdirda, ta’lim olish davrida ularning oylik ish haqi teng miqdorda saqlanib qoladi.

 

Qutqaruvchilar qanday tayyorlanadi?

 

Texnikumning asosiy vazifasi favqulodda vaziyatlar organlari uchun zamonaviy talablarga javob beradigan, nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega qutqaruvchilarni tayyorlashdan iborat.

 

Buning uchun o‘quv jarayonida simulyatsiya, imitatsiya va virtual laboratoriyalar (poligon) tashkil etilib, nazariy bilimlarni amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirish ko‘zda tutilgan.

 

Bundan tashqari, ichki va tashqi mehnat bozori ehtiyojlari, ish beruvchilar takliflari hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi buyurtmasi asosida qisqa muddatli kasb kurslari ham joriy etiladi.

 

Bitiruvchilar uchun qanday imkoniyat yaratiladi?

 

2029-yildan boshlab texnikumning kasbiy ta’lim yo‘nalishlarini tamomlagan bitiruvchilari orasidan favqulodda vaziyatlar organlari uchun kadrlar zaxirasi shakllantiriladi.

 

Texnikum faoliyati Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi tomonidan moliyalashtiriladi.

 

Qarorga muvofiq, Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ikki oy muddatda texnikum ustavini tasdiqlash va uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, uch oy ichida esa Kasbiy ta’lim agentligi bilan birgalikda o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqish topshirilgan.

 

Bundan tashqari, vazirlik har yili 1-fevralga qadar keyingi o‘quv yili uchun texnikumga qabul parametrlariga doir takliflarni kiritib boradi.

 

Avvalroq, Prezident Farmoniga muvofiq 2027-yildan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalari talabalari va texnikum o‘quvchilari uchun “Kasbiy volontyorlik” dasturi yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.